Shundan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi ushbu amaliyotni qayta ko‘rib chiqish taklifi bilan Markaziy bankka murojaat qildi.
Qayd etilishicha, Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlarda ayrim banklarda kredit to‘lovlarini hisoblash va ortiqcha mablag‘larni taqsimlash bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan.
Jumladan, «O‘zsanoatqurilishbank» va «Hamkorbank»ning kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati belgilangan bo‘lsa-da, amalda bu talab bajarilmayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushgan. Ortiqcha mablag‘lar tranzit hisobvaraqlarda qolib ketishi, asosiy qarzga esa foiz hisoblanishda davom etishi mumkin. Shuningdek, banklarning mobil ilovalarida kredit to‘lovlarini boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi qayd etilgan.
Raqobat qo‘mitasi ta’kidlashicha, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga ko‘ra, iste’molchilar huquqlariga rioya qilinishi lozim.
Bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomning 37-bandiga muvofiq, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, oylik to‘lovdan ortiq kelib tushgan mablag‘ asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi va kredit summasi qayta hisoblanishi kerak. Bank dasturiy ta’minotidagi nosozliklar esa iste’molchining majburiyatlari ortishiga sabab bo‘lmasligi lozim.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshiradigan mijozlar manfaatlarini ta’minlash maqsadida quyidagi takliflar ilgari surildi:
- amaldagi tartib va xorijiy tajribani o‘rgangan holda, bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish;
- kredit hisob-kitoblari, jumladan, kreditni muddatidan oldin so‘ndirish shartlarini «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun orqali tartibga solish.
Xorijiy davlatlarda bu masala qanday hal etiladi?
Qo‘mita keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda kreditni muddatidan oldin so‘ndirish va ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish bo‘yicha turli mexanizmlar mavjud.
Masalan, AQShning ayrim banklarida mijoz mobil ilova orqali "Principal Only" — "faqat asosiy qarz uchun" funksiyasini tanlab, ortiqcha mablag‘ni bevosita asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirishi mumkin.
Rossiyada iste’mol kreditini muddatidan oldin so‘ndirish uchun qo‘shimcha haq olish nazarda tutilmagan. Qozog‘istonda kreditni muddatidan oldin jarimasiz so‘ndirish mumkin. Qisman so‘ndirishda esa bank bilan kelishilgan holda oylik to‘lov miqdori kamaytiriladi yoki kredit muddati qisqartiriladi.
Yevropa Ittifoqida ham kreditni muddatidan oldin so‘ndirishda qolgan muddatga tegishli foizlar va xarajatlarni kamaytirish huquqi belgilangan. Bu tartib 2008/48/ES va 2014/17/EU direktivalarida nazarda tutilgan.
Qo‘mita takliflari kredit to‘lovlarini hisoblashdagi muammolarni bartaraf etish, ortiqcha to‘lovlarning o‘z vaqtida asosiy qarzga yo‘naltirilishini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.