Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyati tajribasidan kelib chiqqan holda joriy yildan Respublika tez tibbiy yordam markazining barcha hududiy filiallarida “Call-back” tizimi ishga tushirilyapti.
Xoʻsh, uning ahamiyati nimada?
— Aholiga sifatli tez tibbiy yordam koʻrsatish soha xodimlaridan katta masʼuliyat talab etadi, — deydi markaz direktori Abduvoitjon Gafurov. — Biroq ayrim hollarda brigadalarimiz tomonidan bajarilgan tibbiy xizmatlar sifati yuzasidan turli tanqidiy murojaatlar kelib tushadi.
“103” xizmati faoliyatiga doir shu kabi eʼtirozlarni kamaytirish, yurtdoshlarimizdan boʻlayotgan bunday murojaatlar sababini oldindan aniqlab, ularni oʻz vaqtida bartaraf etish maqsadida shu yildan boshlab barcha hududiy filiallarda tajriba-sinov tariqasida “Call-back” (qayta qoʻngʻiroq) tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Ayni paytda mazkur tizim orqali «Tez yordam« brigadalari faoliyati doimiy nazorat qilib borilyapti. Natijada aholidan boʻlayotgan eʼtirozlar soni avvalgi yillarga nisbatan anchayin kamaydi.
Xususan, oʻtgan yilning may iyun oylarida “103” xizmatiga jami 783 ta ana shunday murojaat kelib tushgan boʻlsa, 2025-yilning ayni shu davrida bu koʻrsatkich 32,3 foizga kamayib, 538 tani tashkil etdi.








