“103” xizmatida “Online-shifokor” konsultatsiyalari tizimi joriy etiladi

    2026-yildan boshlab “103” xizmati aholi uchun “Online-shifokor” konsultatsiyalari tizimini joriy etadi, bu esa chaqiruvlarga yetib borish va tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vaziriligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, yurtimizda tez tibbiy yordam xizmati ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirilmoqda. Xususan, shu yilning oʻtgan davrida sohada elektron boshqarish tizimi ishga tushirildi. Buning uchun 2,4 ming nafar dispetcher oʻqitildi. Natijada murojaat manzillariga kechikishlar soni 1,1 foizdan 0,3 foizga kamaydi.

    Oʻz navbatida, Janubiy Koreyaning KOFIH tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Samarqand viloyatlarida tashkil etilgan simulyatsion oʻquv markazlarida ushbu hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarining malakasi oshirildi.

    Umuman, oʻtgan sakkiz yil davomida “103” xizmati shoxobchalari soni 818 tadan 1 680 taga, “Tez yordam” brigadalari 1 648 tadan 2 865 taga, bitta chaqiruvga dori-darmon uchun ajratilgan mablagʻ esa 750 soʻmdan 11 800 soʻmga oshdi.

    Natijada tez tibbiy yordam brigadalarining chaqiruvga oʻrtacha yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqaga qisqardi.

    Kelgusida tizimni raqamlashtirish jarayoni yanada jadallashadi.

    Xususan, 2026-yilda “103” xizmatida aholi uchun “Online-shifokor” konsultatsiyalari tizimi joriy etiladi.

    Sohada qoʻllanilayotgan elektron dasturlar shifoxonalar hamda birlamchi tizim muassasalari bilan integratsiya qilinadi.