Bugungi kunda Oʻzbekistondagi 25 ta oliygohda oʻqitish chet tilida olib boriladi. 2016-yilda ular soni 7 ta boʻlgan. Oʻzbekistonlik 60 ming yigit-qiz yetakchi xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda. Bu 2016-yil bilan solishtirganda 12 baravar koʻp.
Shunga qaramay yigʻilishda chet tillarini oʻqitish boʻyicha joylardagi haqiqiy ahvol qoniqarsiz ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari 1 ming 400 ta maktabda chet tili oʻqitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ahvolda ekani, bugungi kunda, taʼlim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili oʻqituvchilari lavozimi vakant boʻlib qolayotganini tanqid qildi.
Eng koʻp boʻsh oʻrinlar Qashqadaryo (380), Samarqand (287), Jizzax (1400, Toshkent (120), Surxondaryo (90) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Maktablarda ishlayotgan jami 53 ming chet tili oʻqituvchisining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish toʻgʻrisidagi sertifikatlarga ega. Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, Toʻrtkoʻl, Sherobod va Uzun tumanlarida birorta oʻqituvchi sertifikat olmagan. Maktablardagi 11 ming nafar chet tili oʻqituvchilarining 49 foizi testdan oʻta olmagan.