Sifat kuni Yevropa sifat tashkiloti (EOK) tomonidan Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) ko'magida 1989-yil tasdiqlangan. Shundan buyon har yili noyabr oyining ikkinchi payshanbasi 80 dan ortiq mamlakatlarda Sifat kuni sifatida nishonlab kelinadi. Joriy yilda bu sana 11-noyabrga to'g'ri keldi. Asosiy maqsad tovar va xizmatlar sifatining muhimligini oshirish hamda sifat muammolariga e'tibor qaratishga yo'naltirilgan, deyiladi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ma'lumotida.
An'anaga ko'ra, har yili tadbir ma'lum bir mavzuga bag'ishlanadi. 2021-yilning shiori — “Sifat yangi marralarni zabt etish imkonini yaratadi”.
Respublikamizda ham bozordagi tovar va xizmatlarning sifatini oshirishni rag'batlantirish bo'yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi “Aholining sog'lom ovqatlanishini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-yilning noyabr` oyida “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” tadbiri o'tkazilishi belgilangan.
Mazkur tadbir doirasida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan amaliy tadbirlarni o'tkazish rejalashtirilgan. Tadbir davomida iste'molchilar o'rtasida ijtimoiy so'rovlar o'tkazish, mahsulotlar va xizmatlar sifati mavzuida materiallar chop etish hamda tadbirkorlar bilan hamkorlikda Sifat haftaligi to'g'risida jamiyatning xabardorligini oshirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.