Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzXDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bir qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. 

Jumladan, bir guruh deputatlar tomonidan qonun tashabbuskorligi huquqi asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi, deya xabar beradi Qonunchilik palatasi axborot xizmati.

Taʼkidlanishicha, qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilyapti.

Yaʼni, 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qoʻshish belgilanmoqda.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasi haqida fikr-mulohazalarini bildirib, uni qoʻllab-quvvatlashdi.