Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari viloyat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Jizzax viloyatining Paxtakor tumani hududida pirotexnika mahsulotlarini noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir oʻtkazishdi.

Oʻtkazilgan tadbir davomida fuqaro shartli xaridorga oʻzining “Lasetti” rusumli avtotransport vositasiga yuklangan, umumiy qiymati 97 million soʻmlik 120 004 dona pirotexnika vositalarini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Oʻtkazilgan yana bir tadbir davomida “Spark” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Natijada, avtomashinaning saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 21,6 million soʻmlik 18 062 dona pirotexnika vositalari borligi maʼlum boʻldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilyapti deb xabar beradi Davlat Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.