Gap shundaki, Toshkent viloyatida roʻyxatdan oʻtkazilgan tadbirkorlik subyektlaridan birining nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteyneridagi tovarlar, yaʼni kosmetika va pardoz vositalari belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun “Qoʻqon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yoʻnaltiriladi.

Ammo, mazkur konteynerdagi tovarlar belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida esa, kosmetika va pardoz vositalari oʻrniga salkam 1,5 tonna shisha idishlar hamda 21 tonnadan ziyod kir yuvish kukunlari ortilganligi aniqlandi. Bu esa yuklar yoʻl davomida almashtirib qoʻyilganligini anglatar edi.

Mazkur konteynerdagi tovarlar dastlab poytaxtning Bektemir tumanidagi omborlardan biriga tushirib qoldirilgan va bu yerdan tovarlar boshqa transport vositasiga ortilib, olib chiqib ketilganligi maʼlum boʻldi.
Qarangki, yuklar Samarqand viloyati Urgut tumanidagi tadbirkorlardan birining omboriga tushirilgan ekan.

Mazkur ombor belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, bu yerda 461 turdagi salkam 721 ming dona kosmetika va pardoz vositalari, shuningdek shisha idishlar va kir yuvish kukunlari saqlanayotganligi aniqlandi.

Ushbu tovarlarning umumiy qiymati esa 11 mlrd. 881 mln. 700 ming soʻmni tashkil qilmoqda. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Taʼkidlash joizki, yil boshidan buyon respublikamiz bojxonachilari tomonidan aniqlangan 7700 dan ortiq bojxona qonunbuzilishi holatlarida 547 mlrd. soʻmlik tovarlarning noqonuniy olib oʻtilishiga chek qoʻyilgan.