Biroq, past va o'rta daromadli mamlakatlarda sakkiz yildan so'ng 18 million nafar tibbiyot xodimi, jumladan, 9,9 million o'rta tibbiyot xodimi tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Bu holat hatto Evropa mamlakatlarida ham jiddiy muammolarni tug'dirishi taxmin qilinyapti. Masalan, JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi xulosalariga tayanilsa, mazkur qit'a davlatlarida hozir o'rta hisobda 7,3 million nafar hamshira va doya bor. Lekin bu ko'rsatkich kelajakdagi ehtiyojlarga javob bermaydi. Ana shunday global muammolarning oldini olish maqsadida jahonda har yilning 12 may — Xalqaro hamshiralar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mamlakatimizda esa professional hamshiralar faoliyatining asoschisi Florens Naytingeylning tavallud kuni sharafiga belgilangan bu sanada o'rta tibbiyot xodimlarining zahmatli mehnati e'tirof etiladi. Ularga e'zozu ehtirom ko'rsatiladi.
Zero, egniga oq xalat kiyib, nomi va sha'nini xuddi libosidek pokiza saqlaydigan hamshiralarni tibbiyotimizning suyanchi va tayanchi, deb ta'riflash mumkin. O'z huzur-halovatidan kechib, jonini xatarga qo'yib, o'zgalar dardida elib-yuguradigan, bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki mehr va shirin so'z bilan davolayotgan bu sharafli kasb egalarining mashaqqatli mehnati tahsinga sazovor. Hozir mamlakatimizda 350 ming nafarga yaqin o'rta tibbiy xodimlari va 6 mingga yaqin oliy ma'lumotli hamshiralar faoliyat yuritib kelmoqda. So'nggi yillarda ularning emin-erkin ishlashini ta'minlash, jamiyatdagi o'rni, ijtimoiy mavqeini ko'tarish bo'yicha sezilarli ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, yaqinda davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida hamshiralar uchun yangi ish o'rinlari yaratish, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ularni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash, bilim va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilandi. Jumladan, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar belgilanadigan bo'ldi. Tibbiyot kollejlari va texnikumlari transformatsiya qilinishi ham sohadagi muhim yangiliklar sirasidan. Bunda xorijiy hamkorlar bilan xalqaro tajriba asosida hamshiralarni tayyorlashning yangi maktabi yaratiladi. Shuningdek, barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari oliy ta'lim muassasalariga biriktiriladi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning “2022–2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to'g'risida”gi qarorida 2022 yil 1 iyuldan boshlab “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo'shimcha 3 600 ta, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yana qo'shimcha 4 900 ta o'rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilishi belgilandi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining “O'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida hamshiralik ishi faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yil 1 yanvardan o'rta tibbiyot xodimlari “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug'ullana boshladi.
Bularning bari hamshiralardan bilim va malakasini uzluksiz oshirib, o'z ustida ishlab, yangiliklarga intilib, shunchaki shifokor yordamchisi emas, balki ma'lum ixtisoslikka ega malakali tibbiyot xodimiga aylanishni talab etadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.