12 yillik tarix yangilandi: Oʻzbek dzyudochisi yana “Masters” turnirining gʻolibiga aylandi

    Sport 7 Avgust 2023 1266

    Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Vengriya mezbonlik qilayotgan “Masters” turniridagi ishtirokini yakunladi. Unda Muzaffarbek Toʻraboyev -100 kg vazn toifasida gʻalaba qozonib, oʻzbek dzyudosi uchun 12 yil kutilgan oltin medalni taqdim qildi.

    Musobaqani ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Lukash Krpalek ustidan qozonilgan gʻalaba bilan boshlagan Toʻraboyev chempionlik yoʻlida Sheydi Elnaxas (Kanada), Mixael Korrel (Niderlandiya), Boyan Dosen (Serbiya) va Peter Paltchik (Isroil) kabi sportchilarni dogʻda qoldirdi. Shuningdek, bugun -90 kg vazn toifasida ishtirok etgan Davlat Bobonov bronza medaliga sazovor boʻldi. Ushbu muvaffaqiyat evaziga Toʻraboyev 1800, Bobonov 900 reyting ochkosiga ega boʻlmoqda.

    Qayd etish joiz, yilda bir bora oʻtkaziladigan “Masters” musobaqasida hamyurtlarimizdan soʻnggi bor Rishod Sobirov 2011-yil gʻalaba qozongan. Shu tariqa, Oʻzbekiston terma jamoasi bu yilgi turnirni 1 ta oltin va 2 ta bronza medallari bilan yakunlamoqda. Eslatib oʻtamiz, musobaqaning birinchi kunida Diyora Keldiyorova -52 kg vazn toifasida shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy olgan edi.