Qonun bilan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra, Qurolli Kuchlarda serjant harbiy unvoni oʻrniga quyidagilar joriy etildi:
III darajali serjant;
II darajali serjant;
I darajali serjant.
Qonun bilan serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarni harbiy unvondan nojoʻya xatti-harakatlar sodir etilganligi uchun boshqa intizomiy jazo choralari yetarli boʻlmagan taqdirda, sudning yoki vazirlik va idoralar rahbarlarining qaroriga koʻra mahrum etish mumkinligi belgilandi.
Shu bilan birga, harbiy kiyimda yurish qoidalari harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning rahbarlari tomonidan belgilanishi koʻzda tutildi. (ilgari Mudofaa vazirligi vakolatida boʻlgan)
Shuningdek, Qonun bilan harbiy xizmatga qabul qilish va harbiy xizmatdan boʻshatish mezonlari aniq belgilab berildi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.