1,4 kg oltinni Oʻzbekistondan noqonuniy olib chiqib ketayotgan shaxslar ushlandi

    Qonunbuzarlar oltindan yasalgan buyumlarni Qirgʻiz Respublikasi orqali Turkiya davlatiga olib ketishni rejalashtirishgan.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasini jalb qilgan holda tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

    Jumladan, Andijon shahri va Andijon tumanida yashovchi, 1985, 1997 va 2000-yillarda tugʻilgan 4 nafar shaxs «Doʻstlik» chegara-bojxona posti orqali mamlakatimizdan Qirgʻiz Respublikasiga zanjir, tish qolipi hamda lom shaklidagi tilla buyumlarni – kiyimlari ichiga yashirgan holda olib chiqib ketishga uringan vaqtlarida ushlandi.

    Ekspertiza xulosasiga koʻra, ulardan ashyoviy dalil sifatida olingan, asillik darajasi 997 boʻlgan oltin buyumlar va qotishmalarning jami vazni 556 гр.ни, umumiy bahosi 474 mln. 256 ming. soʻmni tashkil etadi.

    Boshqa holatda esa Izboskan tumanida yashovchi, 1983 й.т. ayol «Madaniyat» chegara-bojxona posti orqali Qirgʻiz Respublikasiga chiqib ketayotgan vaqtida toʻxtatilib, tegishli tartibda shaxsiy koʻrikdan oʻtkazildi.

    Natijada, unda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan zanjir va lom koʻrinishidagi, umumiy vazni 568 гр.ни tashkil etuvchi, asillik darajasi 992 boʻlgan oltin borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu tilla buyumlar va quymalarning umumiy bahosi 431 mln. 894 ming soʻmni tashkil etadi.

    Shuningdek, uning sherigi boʻlgan – Namangan tumanida yashovchi, 1983 й.т. ayol ham asillik darajasi 992 boʻlgan, sof ogʻirligi 271 гр.ни tashkil qiluvchi, 249 mln. 240 ming soʻmlik zanjir va nostandart quyma tillalarni noqonuniy olib chiqib ketayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

    Aniqlanishicha, qonunbuzarlar oltindan yasalgan buyumlarni Qirgʻiz Respublikasi orqali Turkiya davlatiga olib ketishni rejalashtirishgan.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.