Natijada, kasaba uyushmalari tizimida inqilobiy o'zgarishlar bo'lyapti, desak mubolag'a bo'lmaydi. O'tgan davr mobaynida xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida kasaba uyushmalari tomonidan 16 mingga yaqin korxona va tashkilotlar faoliyati o'rganilib, aniqlangan 61 mingdan ziyod kamchiliklar bartaraf etilishi ta'minlandi.SHuningdek, soha xodimlarining sa'y-harakatlari natijasida 14 mingga yaqin xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 3,6 milliard so'mdan ortiq mablag' undirib berildi.

Sohada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Xususan, O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kasaba uyushmalari umumkonfederatsiyasiga a'zolikka qabul qilindi, Markaziy Osiyo davlatlarining turdosh tashkilotlari bilan kelishuvlar tuzildi, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko'tarildi. Bu bilan kasaba uyushmalari mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatdagi mavqeini oshirishga o'z hissalarini qo'shmoqda.

Eng muhimi, bundan roppa-rosa bir yil oldin “O'zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Yangi qonun ezgu maqsadga qaratilgan bo'lib, u bilan 11 noyabr` kuni O'zbekiston kasaba uyushmalari kuni deb belgilandi.

Bu kabi bayramlar Avstriya, AQSH, Gretsiya, Indoneziya, Kanada, Latviya, Singapur, Frantsiya, Xitoy, Shvetsariya kabi davlatlarda, shuningdek, MDH, jumladan, Qozog'iston, Qirg'iziston davlatlarida keng nishonlanib kelinadi.

Ta'kidlash kerakki, ushbu bayram munosabati bilan joriy yilning 8 noyabrdan 14 noyabrga qadar barcha mehnat jamoalarida “Yangi O'zbekiston – yangi kasaba uyushmalari”, degan g'oya ostida “Xodimlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va mehnatni muhofaza qilish haftalagi” o'tkazilyapti.

Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlarida boshlang'ich tashkilotlarda “11-noyabr` — O'zbekiston kasaba uyushmalari kuni” mavzusida ma'naviyat soatlari, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, uchrashuvlar hamda turli ko'rik-tanlovlar o'tkazilmoqda.

Yana bir muhim masala. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi boshchiligida tuzilgan ishchi guruh butun respublika bo'ylab “Ayollar daftari” doirasida ish olib bordi. Ushbu o'rganishlar natijasida 6,5 milliondan ortiq xotin-qiz bilan muloqot o'tkazilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, og'ir turmush sharoitida kun kechirayotgan ayollarning ro'yxati shakllantirilib, ulardan 900 mingga yaqinining muammosi ijobiy hal etildi.

Bir so'z bilan aytganda, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar kasaba uyushmalari tashkilotlarini ma'naviy qo'llab-quvvatlash, ularning yanada samarali faoliyat yuritishini ta'minlash, tashkilot fidoyi xodimlarini rag'batlantirishda muhim omil bo'lmoqda.

Aziz yurdoshlar, sizlarga O'zbekiston kasaba uyushmalari kuni muborak bo'lsin!

 Mavluda Xo‘jaeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi.