Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonga 142 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Ushbu mablagʻlar mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini oshirish va oʻrmonlarni qayta tiklashga, shuningdek, Oʻzbekistonning transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash boʻyicha Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan hamkorligini rivojlantirishga koʻmaklashuvchi loyihani moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Loyiha Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini taʼminlash dasturining (RESILAND CA+) bir qismidir. Uning maqsadi choʻllanish va yer degradatsiyasining oldini olish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga tayyorligini koʻtarish orqali landshaftlarning barqarorligini oshirishdan iborat.
Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) Oʻzbekiston hukumatiga past foiz stavkasida, qaytarish muddati 30 yil, shundan 5 yili imtiyozli davr boʻlgan moliyalashtirishni taqdim etadi.
Maʼqullangan loyiha Jahon banki guruhining Oʻzbekiston bilan 2022−2026-yillarga moʻljallangan yangi hamkorlik dasturida belgilangan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi. Uning doirasida hukumatga inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga oʻtish boʻyicha islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirishda yordam koʻrsatiladi.
Rauf NUR