Mazkur mablagʻ kambagʻallikni qisqartirish, ish oʻrinlarini yaratish, xususiy sektorni rivojlantirish va iqtisodiyotning strategik muhim tarmoqlarida raqobatni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.
Jahon banki ajratayotgan ushbu mablagʻlar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etiladi. Bunday kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlaridagiga qaraganda ancha foydaliroq.
Bu orqali Oʻzbekiston qarz boʻyicha xizmat koʻrsatish xarajatlarini qisqartirishi va tejalgan byudjet mablagʻlarini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yoʻnaltirishi mumkin boʻladi.
Jahon bankining qoʻllab-quvvatlashi hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi, jumladan:
- Aholini ijtimoiy himoya qilish: Elektr energiyasi, issiqlik taʼminoti va gaz tariflarining oʻsganligini kompensatsiya qilish uchun kam taʼminlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam pulini 270 ming soʻmdan 1 million soʻmga oshirish.
- Ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish: Ayollarni ish joyidagi jinsiy zoʻravonlik va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy baza va mexanizmlarni rivojlantirish. Ish beruvchilarga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan boʻshatishni taqiqlash.
- Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish: Akkreditatsiyadan oʻtgan xususiy va nodavlat yetkazib beruvchi tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish bozorini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish.
- Davlat korxonalarini isloh qilish: Davlat korxonalarini yanada samarali boshqarish va xususiylashtirish uchun Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish. Keng polosali Internet va mobil aloqa bozorlarida davlat kompaniyalarining ustunligini cheklash maqsadida mustaqil telekommunikatsiya regulyatorini shakllantirish, shuningdek, telekommunikatsiya sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish.
- Qishloq xoʻjaligi: Mahalliy qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini qishloq xoʻjaligi xavf-xatarlaridan sugʻurtalash tizimini joriy etish. Paxtachilik sohasidagi islohotlarni davom ettirish, xususan, paxta xaridi narxlarini belgilashning yanada moslashuvchan mexanizmini joriy etish va toʻqimachilik korxonalariga ushbu xom ashyoni toʻgʻridan-toʻgʻri har qanday fermer xoʻjaligidan sotib olish imkoniyatini berish.
- Tashqi savdoni liberalizatsiya qilish: Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirish va eksport tartibini soddalashtirish, shu jumladan ayrim turdagi tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalarni bekor qilish orqali xalqaro savdoni kengaytirish. Energetika, neft-gaz, kimyo, qishloq xoʻjaligi va raqobatni cheklaydigan boshqa tarmoqlarda ayrim kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish.
- Energetika sektori: Xususiy investorlar ishtirok etishi uchun elektr energiyasini taqsimlash bozorini ochish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish va mustaqil qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchilarga elektr energiyasini isteʼmolchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri sotish huquqini taqdim etish. Ushbu choralar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish va elektr tarmoqlarini rivojlantirishga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
- Energiya samaradorligini oshirish: Energiya sarfi yuqori boʻlgan tarmoqlarda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha ragʻbatlarni joriy etish. Ushbu chora-tadbirlar qatorida energiya tejamkor loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan Energiya samaradorligi milliy agentligini tashkil etish, shuningdek quyosh energetikasini rivojlantirish, issiqlik nasoslarini joriy etish va binolarning energiya samaradorligini oshirish uchun moliyaviy ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan.
- “Yashil” davlat xaridlari: Byudjet mablagʻlaridan foydalanishda ekologik toza tovarlar va xizmatlarni sotib olishga ustuvorlik berish uchun davlat xaridlari tizimiga ekologik mezonlarni joriy etish.








