Tashrif chog‘ida mehmonlarga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.


Xususan, bemorlarni yo‘naltirishning raqamli tizimini joriy etish, hududiy infratuzilmani mustahkamlash, kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan Xalqaro akademik xab faoliyati natijalari taqdim etildi.


Shuningdek, tashrif doirasida «Mehrli maktab» gospital maktabi o‘quvchilari mehmonlarni samimiy qarshi oldi. Pedagoglar tomonidan uzoq muddat davolanayotgan bolalarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash va ularga ta’lim berish jarayonlari namoyish etildi.

Shuningdek, tashrifdan so‘ng JSST Bosh direktori Doktor Tedros Gebreyesus o‘zining X (Twitter) sahifasida O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bilan uchrashuv taassurotlari haqida bo‘lishdi.


Toshkent shahridagi Respublika bolalar onkologiyasi markaziga birgalikdagi tashrifi chog‘ida u Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi «Zamin» fondining faoliyatini yuqori baholadi.

Tedros Gebreyesusning ta’kidlashicha, aynan Birinchi xonim rahbarligida Fond bolalar onkologiyasi sohasidagi tibbiy xizmatlarni keng ko‘lamda yaxshilash hamda butun mamlakat bo‘ylab «Mehrli maktab» gospital-maktablarining noyob tarmog‘ini yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.

Birinchi xonimning tashabbuslari tufayli shifokor va pedagoglarning sa’y-harakatlari bir maqsad yo‘lida birlashtirildi. Endilikda onkologik xastalikka chalingan bolalar kompleks yondashuv asosida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda: ular nafaqat zamonaviy muolajalarni, balki sog‘ayib ketishi va to‘laqonli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan uzluksiz ta’lim va ijtimoiy ko‘makni ham olmoqda.