Yigʻilish avvalida joriy yilning birinchi choragida erishilgan makroiqtisodiy natijalar koʻrib chiqildi. Xususan, yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xoʻjaligi 5,1 foizga oʻsdi. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiyalar hajmi 13,7 milliard dollarni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda ilk bor 7,1 foizgacha pasaydi.

Buning hisobiga yanvar-mart oylarida budjet daromadlari oʻtgan yilga nisbatan 35 foizga koʻpayib, 103 trillion soʻmga yetdi. Mahalliy budjetlarda qoʻshimcha 2 trillion 200 milliard soʻm mablagʻ shakllandi. Muhimi, shundan 1 trillion 400 milliard soʻmi tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirildi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni xalqaro miqyosda yangi bosqichga olib chiqish uchun tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Jumladan, kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqarilishi qayd etildi. Bu Milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvi nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasiga berilgani bilan bogʻliq.

Oʻtgan hafta Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼlon qilgan hisobotda yuqori iqtisodiy faollik orqali Oʻzbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy oʻsishni saqlab qolayotgani qayd etilgani taʼkidlandi. Shuningdek, joriy yil mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz birinchi chorakdagi natijalarga mahliyo boʻlib, xotirjamlikka berilish mutlaqo notoʻgʻri ekanini taʼkidladi. Global ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar va yetakchilik uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda dunyo iqtisodiyoti avvalgidek “sokin” boʻlmasligi, bunday vaziyatda barcha rahbarlar oʻz ish uslubi, yondashuvi va dunyoqarashini tubdan oʻzgartirishi zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish masalalari alohida tahlil qilindi. Joriy yil banklar orqali ushbu yoʻnalishga 140 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda. Masalan, kichik biznesga berilgan har 1 milliard soʻm kredit hisobiga Shirin shahrida 20 ta, Uchquduqda 17 ta, Xonobod va Soʻxda 14 tadan, Tomdi tumanida 13 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan.

Biroq Uchkoʻprik, Piskent, Boʻstonliq, Karmana, Qoʻrgʻontepa tumanlarida 1 milliard soʻmlik kreditga oʻrtacha 3 ta ish oʻrni toʻgʻri kelmoqda.

Shu bois, kredit resurslarini taqsimlashda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Soha masʼullariga tuman banklarini sunʼiy intellekt bilan ishlashga oʻqitishni boshlash, banklarda “Sunʼiy intellekt maslahatchisi” platformasini ishga tushirish topshirildi. Bu platforma tadbirkorlarga kredit olish uchun loyihaning parametrlari, risklari va bozordagi talabni tahlil qilib, tayyor yechimlar berishi kerakligi taʼkidlandi.

Tadbirkorlar bilan ishlashdagi kamchiliklar ham keskin tanqid qilindi. Ayrim rahbarlar tadbirkor muammosini hal qilish oʻrniga masʼuliyatdan qochayotgani, masala respublika darajasiga chiqqach, oʻzini oqlash bilan ovora boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Nurafshon shahrida byurokratik toʻsiqlar sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmayotgan tadbirkorga yordam berish oʻrniga bu maʼlumot Prezident darajasiga qanday yetib borganini qidirish bilan ovora boʻlingani tanqid qilindi. Shuningdek, Gʻuzor, Narpay, Urganch, Yangi yoʻl, Chinoz tumanlarida tadbirkorlik infratuzilmasi uchun ajratilgan 262 milliard soʻm mablagʻ boʻla turib, loyihalar boshlanmagani qayd etildi. Tegishli viloyat hokimlariga bunday rahbarlarning lavozimiga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi.

Yigʻilishda inflyatsiyani jilovlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari iqtisodiyot oʻsgani bilan agar inflyatsiya ham oshsa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy oʻzgarish sezilmasligini taʼkidladi.

Yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foizga oshdi. Ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlari oʻzgarib, mahalliy mahsulotlar eksporti va asosiy isteʼmol tovarlari importida tashish xarajatlari 25-30 foizga koʻpaymoqda. Bu ichki narx-navoga qoʻshimcha bosim yuzaga keltirmoqda.

Shu bilan birga, tashqi bosimlarni bahona qilib, inflyatsiya boʻyicha ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻymaslik kerakligi taʼkidlandi. Isteʼmol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi mahalliy ekani qayd etilib, mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini koʻpaytirish va narxlarni arzonlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham atroflicha koʻrib chiqildi. Logistikadagi uzilishlar oqibatida birinchi chorakda qoramol importi ikki karra kamaygan. Bunga tezkor yechim sifatida samolyotda tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million soʻmgacha, goʻsht importida esa transport xarajatining yarmini qoplash yoʻlga qoʻyildi.

Ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming tonna goʻsht importini taʼminlash zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga qaysi yoʻnalishda toʻsiq boʻlsa yoki yuk toʻxtab qolsa, tadbirkorlar murojaat qilishini kutmasdan, onlayn monitoring orqali tezkor yechim berish topshirildi.

Hududlarda 478 ming gektarda ozuqa ekinlari ekilishi rejalashtirilgan. Lekin Namanganda ozuqa yerlarining 74 foiziga haligacha ekin ekilmagani, chorvachilikda imkoniyati yuqori boʻlgan Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish boshlanmagani, Amudaryo, Gʻijduvon, Xonqa va Bagʻdodda ham ishlar qoniqarsiz ekani tanqid qilindi.

Yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish belgilangan. Mazkur yerlarni tezkor auksionga chiqarib, ekin ekish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Sanoat plantatsiyalari tashkil etadigan tadbirkorlarga imtiyoz va moliyaviy resurslar berilayotgani qayd etilib, viloyat hokimlariga bu yil kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasini namunali tashkil etish topshirildi.

Yigʻilishda sanoat va eksport masalalari ham tanqidiy tahlil qilindi. Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqoʻrgʻon, Furqat, Shovot, Shayxontohur va Sergeli tumanlari sanoat prognoziga chiqa olmagani qayd etildi. Ushbu 13 ta tuman hokimiga prognozga qancha yetmaganiga qarab intizomiy chora koʻrish topshirildi.

Ichki bozorda mis taklifi koʻpaytirilgan boʻlsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat oʻsishi prognozdagi 11,2 foiz oʻrniga 7,8 foizni tashkil qildi, eksport prognozi esa 57 foizga bajarildi.

Mutasaddilarga ishlab chiqarishi va eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, eksportni moliyalashtirish hamda investitsiya loyihalari boʻyicha muammolarni joyida hal qilish topshirildi. Ikkinchi chorak yakuni bilan sohada ishlab chiqarishni 25 trillion soʻmga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Korxonalarda resurs samaradorligi va mehnat unumdorligini oshirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Koʻp davlatlar sanoat va servisda “Kayzen”, “Lean production” kabi progressiv usullarni qoʻllayotgani, mamlakatimizda ham 50 ga yaqin tadbirkor bunday yondashuvlarni joriy etishni boshlagani aytildi. Biroq bu yetarli emasligi qayd etilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu yil 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish boʻyicha ilgʻor dasturlarni joriy etish, buning uchun 30 million dollar grant jalb qilish topshirildi.

Eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Soʻnggi olti oyda 908 ta tadbirkor 3 milliard 600 million dollarlik shartnoma tuzgan boʻlsa-da, hamkorlardagi vaziyat oʻzgargani sababli eksportni boshlay olmagan. Ayrim hokimlar esa ularga yordam berish oʻrniga vaziyatni oʻz holiga tashlab qoʻygan.

Oqibatda birinchi chorakda eksport Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denovda 2 karradan ziyod kamaygan. Shahrisabz, Uchquduq, Parkent, Toshkent tumanlari, Jizzax, Navoiy, Namangan, Angren, Bekobod va Nurafshon shaharlarida esa eksport prognozi 70 foizga ham yetmagan. Ushbu hudud rahbarlari birinchi yarim yillikda oʻsishni taʼminlamasa, qatʼiy xulosa qilinishi maʼlum qilindi.

Sanoat zonalaridan samarali foydalanish masalasi ham koʻrib chiqildi. Budjet hisobidan yoʻl, elektr va suv infratuzilmasi olib borilgan 226 ta sanoat zonasidagi 213 gektar maydonda haligacha loyiha boshlanmagani tanqid qilindi. Shu bilan birga, 27 ta sanoat zonasida loyihalar joylashtirilgan boʻlsa-da, infratuzilma yetib bormagan.

Viloyat hokimlarining investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga infratuzilmasi bor sanoat zonalaridagi boʻsh yerlarga joylashtiriladigan loyihalar portfelini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Davlat idoralarini ixchamlashtirish va biznes uchun yangi maydonlar ochish masalasi ham muhokama qilindi. Tumanlardagi markaziy koʻchalar va aholi gavjum joylarning katta qismida davlat idoralari joylashgani qayd etildi. “Koʻkdala tajribasi” asosida 19 ta tuman va shaharda davlat idoralarini yagona maʼmuriy markazga koʻchirish boshlanmoqda.

Mazkur ishlarni barcha tumanlarda tashkil etish orqali davlat idoralarida yiliga 1 milliard 800 million kilovatt-soat elektr va 340 million kub metr gaz tejalishi, biznes uchun 5 million kvadrat metr joy ochilishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Shu maqsadda besh yillik dastur tayyorlash, joriy yil 26 ta tumanda davlat idoralarini bir joyga koʻchirishni boshlash topshirildi. Yangi maʼmuriy markazlar qurishda har bir xodimga toʻgʻri keladigan maydon oʻrtacha 15 kvadrat metrdan oshmasligi belgilandi.

Investitsiya loyihalari sifatiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari har bir yangi loyiha, har bir dollar sarmoya faqat va faqat qoʻshilgan qiymat, yuqori daromadli ish oʻrni va eksportni koʻpaytirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi. Barcha rahbarlar uchun investitsiya sifati asosiy mezon boʻlishi shartligi qayd etildi.

Ushbu loyihalar ishga tushirilganidan keyin ularni monitoring qilish platformasi yaratilgan. Masalan, oxirgi uch yilda ishga tushgan 688 ta korxonadan 210 tasi quvvatidan toʻliq foydalanmayotgani aniqlangan. Oqibatda 33 trillion soʻmlik ishlab chiqarish boy berilgan, 23 ming ish oʻrni boʻsh turibdi.

Mutasaddilarga ushbu 210 ta korxona kesimida “yoʻl xaritasi” tuzib, muammolar yechimi boʻyicha aniq muddat va masʼullarni belgilash topshirildi.

Joriy yilda 53 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish maqsad qilingan. Prezidentimiz rahbarlar birinchi qadamdanoq toʻgʻri loyiha tanlab, unga mos salohiyatli investor topsagina, investitsiyada sifat boʻlishini taʼkidladi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida mavjud quvvatlar, ichki va tashqi bozordagi talabni oʻrganib, qaysi hududda qanday loyiha qilish boʻyicha yechim beradigan platformani ishga tushirish topshirildi. Investorlar va konsalting kompaniyalariga ushbu platformadan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun sharoit yaratiladi.

Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyati ham tahlil qilindi. Yurtimizda bunday 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan. Yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shugʻullanmoqda.

Ular bilan ishlab, chetdan mahsulot olib kelib sotayotgan korxonalarga shu yerning oʻzida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha loyihalar taklif qilish, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bogʻlash, ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish boʻyicha kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish, ichki bozorda ishlayotgan korxonalarga eksportga chiqishda koʻmak berish zarurligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda “Aqlli tuman” platformasi va vaziyat-tahlil markazlari tajribasini kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Davlatimiz rahbari kecha Mirzo Ulugʻbek tumanidagi situatsion-tahlil markazida mazkur platforma qanday tashkil qilingani bilan tanishgani qayd etildi. Bugun barcha viloyat hokimlari ushbu tumanga borib, yangi tizim qanday ishlayotgani, mahallalar qiyofasi va qurilishlar holati bilan tanishdi.

Viloyat hokimlariga ikki oyda ushbu tajriba asosida viloyat markazlari va yirik shaharlarda xuddi shunday situatsion-tahlil markazlarini ishga tushirish topshirildi.

Davlatimiz rahbari barcha darajadagi rahbarlar bugungi murakkab vaziyatda natija uchun shaxsan masʼul ekanini taʼkidladi. Iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, inflyatsiyani jilovlash, ish oʻrinlari yaratish, eksportni koʻpaytirish, investitsiya sifati va tadbirkorlar muammolarini hal qilish har bir rahbar faoliyatining asosiy mezoni boʻlishi belgilandi.

Yigʻilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning hisobotlari tinglandi.