Ular Fargʻona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etilgan tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtib, Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish boʻyicha shartnomalar tuzishga muvaffaq boʻlgan.
Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolar roʻyxatlari shakllantirilib, Rossiya Federatsiyasiga kirishga ruxsat olgan va ular uchun ish beruvchi tomonidan avia chiptalarga buyurtma berilgandi.
Rossiya Federatsiyasi Perm oʻlkasining “RESURS+” qurilish kompaniyasi vakillari Fargʻona shahri va Quva tumanidagi band boʻlmagan fuqarolarni ushbu kompaniyada mavjud boʻsh ish oʻrinlariga ishga jalb qilish boʻyicha tanlov oʻtkazib, undan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolar bilan shartnoma tuzilgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur yurtdoshlarimizning dastlabki 145 nafari Perm shahriga ishlash uchun yetib bordi. Ular ishlash huquqini beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilgach, belgilangan karantin qoidalariga rioya qilgan holda qurilish obyektlarida mehnat faoliyatini boshlaydi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.