Endi Oʻzbekiston fuqarolari Tailandga tashrif buyurish uchun oldindan Tailand Qirolligining rasmiy elektron viza portali orqali anketa toʻldirib, kirish visasini rasmiylashtirishi lozim.

Elektron viza anketasi toʻldirilganidan soʻng viza uchun toʻlov Tailand Qirolligining Rossiya Federatsiyasi, Moskva shahrida joylashgan elchixonasiga shaxsan tashrif buyurgan holda amalga oshiriladi, deya xabar qildi Oʻzbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, hozirda Oʻzbekiston fuqarolari uchun qulayroq tartib yaratish maqsadida Tailand tomoni bilan muzokaralar olib borilmoqda.

«Biz Tailand tomoni bilan ushbu tartibni oʻzgartirish boʻyicha muzokaralar olib boryapmiz», — dedi u.