Joriy yilning 10 dekabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Urganch davlat universitetida “Sektorlar faoliyatini baholash (reyting) tizimining joriy etilishi hamda natijalarning to'g'ri shakllantirilishi”mavzusida o'quv-seminari tashkil qilindi.
Unda agentlik rahbar va xodimlari, Xorazm viloyati, shahar va tuman sektorlari kotiblari, OAVlari ishtirok etdi.
Sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimini amaliyotga joriy etish, sektor faoliyatiga oid ma'lumotlar, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar hisobotini tayyorlash va yuritish har tomonlama tahlil qilinib, 15 ta indikatordan iborat ko'rsatkichlar shakllantirildi. Ayni ko'rsatkichlar asosida respublikadagi barcha sektorlarning har oylik reytinglarini baholab borish ko'zda tutilmoqda.
Seminar ishtirokchilariga 15 ta indikatorlarning mohiyati to'liq ochib berildi. Jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarning mehnatga layoqatli a'zolarini aniqlash, ularni ish bilan ta'minlash va doimiy daromad manbaiga ega bo'lgandan keyingina belgilangan tartibda muhtoj oilalar ro'yhatidan chiqarish kabi.
Bundan tashqari, sektorlarda amalga oshirilgan ishlarni tizimli tahlil qilish, yo'l qo'yilgan kamchiliklar, bajarilmagan tadbirlarning sabablarini aniqlash hamda “yo'l xaritalari”ni shakllantirish, ma'lumotlarning saxovat.argos.uz dasturiga o'z vaqtida kiritilishini ta'minlash bo'yicha mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berildi.
—Sektor rahbarlari faoliyatini hududlar rivojidagi real o'zgarishlardan va boshqa haqqoniy mezonlardan kelib chiqib, xolisona baholash, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ularning ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish ayniqsa muhim, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Otabek Xasanov.
Tadbir davomida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi. Ishtirokchilar shu kabi amaliy seminar-treninglarnigan davlat organlari va tashkilotlarning shahar va tuman bo'g'inlari mutasaddilar ishtirokida davom ettirishga kelishib oldilar.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentlik Axborot xizmati









