Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bilan hamkorlikda yurtimiz hududiga noqonuniy ravishda olib kirilayotgan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish boʻyicha qator tezkor tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Davlat bojxona qoʻmitasi Axborot xizmatining xabar berishicha, oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida fuqaro I.Sh. va unga tegishli boʻlgan ashyolar oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirilganida, uning qoʻlidagi qora rangli polietilen paket ichida 150 dona “Tropikamid 10 ml” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.
Maʼlumki, 2019-yil 27-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 818-son qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror bilan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxati tasdiqlandi. Ushbu roʻyxatda “Tropikamid” nomli dori vositasi ham kiritilgan boʻlib, chakana realizatsiya (sotish) faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.