Namangan viloyatining Davlatobod tumani Islom Karimov koʼchasida 01 T 234 ZA belgili Hyundai Sonata avtomashinasi YPX inspektorlari tomonidan toʼxtatilganda haydovchi mashina unga tegishli emasligini aytib, hech qanday hujjatlar taqdim eta olmagan. Shundan soʼng, transport vositasi belgilangan tartibda vaqtincha saqlab turish uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Chust tumanida yashovchi 1990 yilda tugʼilgan haydovchi 2023 yilning shu vaqtiga qadar jami 152 ta qoidabuzarlik sodir etgani, bu ortidan yuzaga kelgan jarima summasi 410 million soʼm ekani aniqlangan. 

Eng qizigʼi, tergovga qadar tekshiruvda, transport vositasini roʼyxatdan oʼtkazish guvohnomasi yoʼqligi, 01 T 234 ZA davlat raqam belgisi esa YHXX roʼyxatidan oʼtkazilmagani aniqlangan. Davlat raqam belgisi haqidagi maʼlumotlar tizimda yoʼqligi tufayli sodir  etilgan huquqbuzarliklarga nisbatan jarima solish toʼgʼrisidagi qaror chiqarishning imkoniyati boʼlmagan.

"Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.