Oʻzbekistonda turli millat vakillarining oʻz tillari, madaniyati, urf-odatlarini saqlab rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, taʼlim olish, oʻzlari yoqtirgan kasbga ega boʻlishlari uchun tojik, qozoq, qirgʻiz va turkman tillarida olib borilayotgan umumtaʼlim maktablari bitiruvchilari uchun qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish uchun test savollarini tegishli tillarda tuzish amaliyoti joriy etildi. Taʼlim qardosh tillarda olib boriladigan davlat taʼlim muassasalariga tegishli barcha oʻquv-qurollari va zarur adabiyotlari davlatimiz tomonidan taʼminlangan.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlarning yoshlari uchun 2022-yilning oktyabr oyida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan 100 dan ortiq turli milliy liboslar, folklor ansambllarining faoliyatini rivojlantirish maqsadida 60 dan ortiq turli milliy cholgʻu asboblari, zum-konferensiyalari hamda xalqaro olimpiadalarda qatnashishlari uchun komplekt zum-apparaturasi, rangli printerlar, ommaviy tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazishlari uchun komplekt musiqiy-apparaturalari xarid qilindi va milliy madaniy markazlarga tantanali ravishda topshirildi.
Madaniy markazlar yoshlari mamlakatimizda oʻtkazilayotgan “Navroʻz”, “Mustaqillik kuni” va “Konstitutsiya kuni”, Xalqlar doʻstligi festivali, Bagʻrikenglik haftaligi kabi davlat tadbirlari, milliy madaniy markazlarning yubiley sanalariga bagʻishlangan tadbirlar, shuningdek, milliy bayramlarda faol qatnashib kelmoqdalar. Milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda yoshlar uchun Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Buxoro va Toshkent viloyatlariga sayohatlar uyushtirildi.
Bugungi kunda yurtimizda 152 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritayotgan boʻlib, aksariyat madaniy markazlarida “Yakshanba maktablari” tashkil etilgan. Ularda yoshlarga ona tili va davlat tili, urf-odat va anʼanalar, madaniyat va sanʼat yoʻnalishlarida bilim berib boriladi. Shuningdek, adabiyot, madaniyat, sanʼat, badiiy hunarmandchilik, sport va boshqa milliy qadriyatlar bilan milliy anʼanalarning turli yoʻnalishlari boʻyicha toʻgaraklar mavjud boʻlib, ularning toʻlaqonli faoliyat yuritishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda Oʻzbekiston koreys, arman, grek, gruzin, polyak, nemis, xitoy va boshqa milliy madaniy markazlarda ana shunday maktablar muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Madaniy markazlar oʻzlarining kutubxonasiga ega.
Oʻzbek xalqi oʻz tarixi davomida har doim boshqa millat va elat vakillariga nisbatan bagʻrikeng boʻlgan. Bizning asosiy boyligimiz — yurtimizda hukm surayotgan tinchlik osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik. Mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuqlarimizning boisi ana shu ahillik va hamjihatlik, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikdir. Bu boyligimizni saqlab avaylashimiz va kelajak avlodlarga yetkazishimiz kerak. Zero, tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik zamonaviy Oʻzbekistonning oʻziga xos xususiyatidir.