Davlat bojxona qoʻmitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda yirik miqdordagi qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tangalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy ravishda olib kirish va sotish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan jinoiy guruh fosh etildi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan 5 nafar fuqarolar Chilonzor tumanidagi xonadonlardan birida muqaddam Afgʻonistondan olib kelingan 2 kilogramm 531 gramm ogʻirlikdagi “zumrad” qimmatbaho toshlarini 500 ming dollarga, shuningdek, 8 gramm ogʻirlikdagi 1 dona qadimiy tilla tangani 10 ming dollarga sotayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, mazkur holatda noqonuniy oldi-sotdidan toʻxtatib qolingan tilla tanga eramizning III asriga mansub boʻlib, Kushon davlatida zarb qilingan.

Shuningdek, ushbu shaxslardan birining hamyonida 3 dona “olmos” toshlari borligi ham aniqlandi.

Hisob-kitoblarga koʻra mazkur holatda olib qoʻyilgan qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tanganing umumiy qiymati jami 16 milliard 818 million soʻmni tashkil etdi.

Hozirda mazkur holat boʻyicha jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilyapti, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.