Bunda karantin talablari va sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi. Bu haqida Respublika maxsus komissiyasining qarorida shunday deyiladi: «Maxsus komissiya qarori bilan 17-avgustdan boshlab diniy tashkilotlar faoliyatiga (har kuni dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish hamda qatʼiy ijtimoiy masofani saqlash cheklovlariga rioya etilishini taʼminlagan holda) ruxsat beriladi.

Bunda, diniy tashkilotlarda juma va shanba-yakshanbalik diniy xizmatlarni vaqtinchalik amalga oshirmaslik talab etiladi».

Shuningdek, quyidagi muhim tavsiya va talablarga soʻzsiz amal qilish, masjidlar faoliyatining davomli boʻlishiga asosiy omil boʻladi, jumladan:

  • masjidlarning kirish joyini dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari, pirometrlar (kontaktsiz harorat oʻlchagich) bilan taʼminlash;
  • har bir fuqaro masjid ichida tibbiy niqobda boʻlishi, hududga kirishda qoʻllarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;
  • masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish (harorat oʻlchash va tashqi alomatlar), tana harorati 37ºS va undan yuqori boʻlgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;
  • ibodat vaqtida ijtimoiy masofalanishni saqlash, fuqarolar orasidagi masofani 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda);
  • har bir masjidning kirish qismiga kasallikdan saqlanish, hududda karantin talablariga qatʼiy amal qilish, xususan, 65 yoshdan katta fuqarolarni masjidlarga vaqtincha tashrif buyurmay turishlari tavsiya etilishi toʻgʻrisidagi axborot lavhalarini oʻrnatish;
  • masjid maʼmuriyati tomonida ish faoliyatni karantin davrida tashkil etish boʻyicha tegishli buyruq va ichki tartiblarni ishlab chiqish (bunda yoshi 65 yoshdan ulugʻ fuqarolarni vaqtincha tashrif buyurmay turishlarini tavsiya etish);
  • masjidlarda juma namozini vaqtincha ado etmaslik;
  • hududiy Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan masjidlarning barcha xodimlari bilan tushuntirish ishlarini tashkil etish;
  • ushbu xizmat tomonidan belgilangan muddatda (har 3 kunda yoki haftada bir marotaba) masjidlardagi sanitariya-epidemiologik holatni oʻrganish va tavsiyalar berish;
  • masjidlar binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;
  • masjidga kirish va chiqish joylarida aholining toʻplanishiga qatʼiy yoʻl qoʻymaslik;
  • tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovunlar bilan taʼminlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda foydalanish kabi tartib-intizomlar alohida taʼkidlanadi.