1,7 million dollarlik xurmo eksport qilindi

    Biznes 22 Oktabr 2020 1887

    Oʻzbekistonda joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida 1 mln 733 ming dollar qiymatidagi 13,4 ming tonna xurmo eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirildi.

    Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4,6 ming tonnaga koʻp demakdir. Xurmo eksportidan kelgan valyuta tushumlari esa 28 foizga oshgan.

    Davlat bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, xurmoning 50 foizi Qozogʻistonga va 39 foizi Rossiyaga eksport qilingan.

    Shuningdek, joriy yilda xurmoning Turkmanistonga eksporti 3,2 barobarga, Ukrainaga eksporti 1,2 barobarga ortgan.

    Oʻzbekistonda yetishtirilgan xurmolar joriy yilda ilk bora Polsha, Litva va Germaniyaga ham eksport qilingan.

    Shunday qilib, bugungi kunda mamlakatimizdan xurmo eksport qilingan davlatlar soni 10 taga yetib, ular qatorida Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari va Qirgʻiziston ham bor, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.