“Toshshahartransxizmat” korxonasi holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, 31-yanvar kuni soat 08:30 larda, “18-Avtobus saroyi” filialining “King Long” rusumli 11-sonli yoʻnalishda harakatlanayotgan katta sigʻimli avtobusi 18 avtobus saroyi qarshisida yoʻnalishga chiqib ketayotgan vaqtda yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.

Maʼlum qilinishicha, yogʻingarchilik sababli yoʻl qoplamasi choʻkib, avtobus loyli qatlamiga toʻgʻri kelib sirgʻanib ketadi. Oqibatda haydovchi boshqaruvni yoʻqotib yoʻl chetidagi qiyalikka avtobusning orqa qismi tushib ketadi.

Hodisa vaqtida avtobus salonida yoʻlovchilar boʻlmagan va hech kimga tan jarohati yetmagan. Yoʻl-transport hodisasi natijasida avtobusga ham shikast yetmagan.