2 500 g‘uzorliklar xonadoniga gaz yetkazib berish imkoniyati yaratildi

    Energetika 10 Dekabr 2021 1407

    «O‘zbekneftegaz» AJning Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Nomozboy» gaz konidan gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi foydalanishga topshirildi.

    Bu esa Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani aholisiga yanada ko‘proq tabiiy gaz yetkazib berish imkonini berdi.

    Gaz qazib chiqarishni ko‘paytirishda past bosimli gaz quduqlaridan samarali foydalanish va G‘uzor tuman aholisining ma’lum bir qatlamini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun «Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi»dagi «Janubiy Tandircha» sexiga qarashli «Nomozboy» koni gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.

    Hozirda bir kecha-kunduzda 40 ming kub metrdan 80 ming kub metrgacha bo‘lgan hajmda iste’molga qo‘yilgan texnik talablarga mos tabiiy gaz «Hududgazta’minot» AJ orqali G‘uzor tuman aholisiga yetkazib berila boshlandi. Bu orqali tumandagi 2 500 ta xonadonga gaz yetkazib berish imkonyatiga ega bo‘lindi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.