Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Bosh prokuror oʻrinbosari rahbarligidagi Respublika shtabi hamda viloyat va tuman, shahar prokurorlari rahbarligida hududiy shtablar faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyildi.
Shtablarning ustuvor vazifalari va ularni amalga oshirish mexanizmlari Prezident Administratsiyasi rahbari va Bosh vazir ishtirokida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda aniq belgilab berildi.
Shtablar tomonidan:
– dasturlar ijrosi uchun masʼullar, shu jumladan buyurtmachi, loyihachi, ekspert va pudratchilarga asosiy talablar tushuntirildi, qonun buzilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan 2 ming nafarga yaqin mansabdor rasman ogohlantirildi;
– shtablarga jalb etilgan huquqni muhofaza qilish organlari, vazirlik va idoralarning 5 mingdan ortiq xodimlari Bosh prokuratura Akademiyasining maxsus oʻquv kurslarida oʻqitildi;
– nazoratni toʻgʻri va samarali tashkil qilish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan uslubiy qoʻllanma, shtab aʼzolarining vazifalarini amalga oshirish mexanizmlari koʻrsatilgan nazorat rejasi tayyorlanib, masʼullarga yetkazildi. Qoʻllanmada dasturlarga oid qonunchilik hujjatlari, nazorat jarayonidagi asosiy talablarga oid qoidalar va boshqa maʼlumotlar jamlangan;
– prokuratura organlarida joriy etilgan “Byudjet nazorati” elektron dasturini Qurilish va Moliya vazirliklarining tegishli tizimlari bilan integratsiya qilish orqali barcha obyektlar boʻyicha “tuman – viloyat – respublika” darajasida onlayn monitoring yoʻlga qoʻyildi.
Bunda obyektning loyihasini ishlab chiqishdan boshlab u foydalanishga topshirilgunga qadar boʻlgan barcha jarayonlar shtablar kuzatuvida boʻladi.
– internetda ochilgan maxsus kanal va shtablarda ishga tushirilgan “ochiq telefon” orqali keng jamoatchilik uchun dasturlar ijrosining borishini muhokama qilish imkoni yaratildi. Binobarin, har bir fuqaro dastur doirasidagi obyektlar bilan tanishishi va ulardagi kamchiliklar, nuqsonlar haqida fotomateriallarni ilova qilgan holda shtablarga xabar berishi mumkin;
– pudratchi tashkilotlarning reytingini yuritish va tender savdolari oʻtkazishni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari ijrosini oʻrganish natijasida 5 mingdan ortiq pudratchining salohiyati noxolis baholanayotgani, oqibatda ularning reyting koʻrsatkichlari notoʻgʻri shakllangani aniqlandi. Shtablarning bu kabi tizimli kamchiliklar omillarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi qarori bilan 20 dan ortiq baholash mezonlari bekor qilindi. Reyting koʻrsatkichlarini 16 ta tashkilotning integratsiyalashgan maʼlumotlar bazalari orqali adolatli shakllantirish tartibi joriy etildi;
– chuqur oʻrganishlar asosida 20 mingdan ziyod tajribali va salohiyatli pudratchi saralab olindi;
– joriy yildan boshlab pudratchini tanlash jarayonida xarid komissiyasining ishtiroki ilk marotaba toʻliq bekor qilindi. Boshqa davlatlar amaliyotida kuzatilmagan bunday tartib inson omilini mutlaqo istisno etadi.
Endilikda davlat obyektlarini quradigan pudratchilar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi platforma orqali elektron tarzda aniqlanadi.
– joriy yilgi dastur doirasida byudjetdan ajratiladigan 23,7 trln. soʻm mablagʻning maqsadli sarflanishi va ishlarning sifatli bajarilishi yuzasidan nazorat oʻrnatildi, manzilli roʻyxati aniq boʻlgan 1.728 ta loyihaning har biri monitoringga olindi;
– dasturdagi oldingi yillardan oʻtgan 453 ta obyekt joyiga chiqqan holda birma - bir oʻrganilib, ulardagi ishlarni yakunlash yuzasidan tarmoq jadvallari tasdiqlandi, ularning har biriga kuzatuv kameralari oʻrnatildi va prokuratura xodimlari biriktirildi;
– joriy yilda yangidan boshlanuvchi 1.111 ta obyektning loyiha - smeta hujjatlari ishlab chiqildi, ularning 999 tasi
davlat va 669 tasi kompleks ekspertizadan oʻtkazildi, 813 tasi tender savdolariga qoʻyildi;
– dastur ijrosi boʻyicha mutasaddilar faoliyatini samarali muvofiqlashtirib borish maqsadida Respublika shtabi rahbari boshchiligidagi guruh har bir hududda haqiqiy holatni oʻrganmoqda. Hozirga qadar Toshkent, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida oʻtkazilgan oʻrganishlarda aniqlangan muammolarni hal etish, jumladan, obyektlarda sifatli mahalliy qurilish materiallarini ishlatish, loyihalarni optimallashtirish hamda yangi texnologiyalardan foydalanish choralari koʻrildi.
Joylardagi vaziyat viloyat hokimlari va bevosita ijrochilar ishtirokida muhokama qilinib, vazifasini lozim darajada bajarmagan 60 nafardan ortiq masʼullar intizomiy javobgarlikka tortildi.
Oʻz navbatida, Respublika shtabi tashabbusi bilan hududlarda haftaning bir kuni “Qurilish kuni” sifatida belgilanib, viloyat hokimlari obyektlar kesimida ishlarning borishini muhokama etmoqda, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha shtablar hamkorligida tezkor choralar koʻrilmoqda.
Dasturlar ijrosi yuzasidan nazorat samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda va bu boradagi yangi mexanizmlar 2022-yilgi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” hamda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishi boʻyicha dasturlar ijrosi yuzasidan nazorat jarayonida ham tatbiq etiladi.