2 ta viloyatda yer maydonlari olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan noqonuniy yer oldi-sotdisi bilan shugʻullanish holatlarini oldini olish va aniqlash boʻyicha tezkor reyd tadbirlari oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tumani boʻlimi va IIV xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar M.M., F.T. va boshqalar oʻzaro til biriktirib, Yangihayot tumani hududidagi davlat zaxirasida boʻlgan 7 sotix yer maydonini fuqaro T.M.ga goʻyoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari yordamida 175 000 AQSH dollari evaziga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib olib berishlarini vaʼda qilib, oldindan 25 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

    Shuningdek, Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.U. Jarqoʻrgʻon tumani “Oʻzbekiston” MFY hududidagi tuman hokimligi zaxirasidagi 60 sotix yer maydonini fuqaro S.A.ga 300 mln soʻmga sotishga kelishib, keyinchalik kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishini vaʼda qilib, 65 mln soʻm va 18 400 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.