Prezidentimiz tadbirkorlarda yangilik qilish, tannarxni pasaytirish, sifatni yaxshilash orqali yangi bozorlarga chiqishga ishtiyoq tobora kuchayib borayotganini taʼkidladi.
Lekin ularning hammasi ham buning uchun qayerga borib, kimga uchrashish, qayerdan mutaxassis, yangi texnologiya olib kelishni bilmasligi qayd etildi.
Shu bois 20 ta tumanda kichik va oʻrta sanoat korxonalarini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari tashkil etiladi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bu maqsadlarga shu yilning oʻzida 100 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.
Loyiha ofislari korxonalarga tannarxni tushirish, sifat va texnologiyani yaxshilashga, ularni yiriklashtirib, sanoat darajasiga olib chiqishga koʻmaklashadi.
Bundan tashqari, kichik biznesda yangi “drayver” boʻladigan uskuna va dastgohlar, tibbiy vositalar, elektronika sanoati, logistika kabi sohalarda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida dasturlar qabul qilinadi.