2020-yil 26-dekabr kuni Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga, Buxoro shahar A.Sheroziy mahallasida yashovchi 1974-yilda tugʻilgan Z.S. murojaat qilib, 2020-yilning 25-dekabr kuni soat 16:30 dan 21:30 qadar boʻlgan vaqt oraligʻida nomaʼlum shaxs uning yashash xonadoniga tom orqali kirib, uyining yotoqxonasida boʻlgan temir sandiq (seyf) dan 99 dona turli xildagi tilla taqinchoqlar, 6 dona brilliant taqinchoqlari, 3 dona tilla soat, 70.000 rubl va 600 yevro, fuqarolik pasporti va uyining kadastr hujjatlarini oʻgʻirlab, jabrlanuvchiga jami 200.000 AQSH dollarlik miqdorda moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan nomaʼlum tomonga yashiringanligini bayon qilingan.

Mazkur holat yuzasidan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-son Ichki ishlar boʻlimi huzuridagi tergov guruhi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-modda 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar, Ustabayev koʻchasida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan Sh.B. va uning jinoiy sheriklari Buxoro shahar, B.Naqshband koʻchasida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan A.K. va Buxoro shahar Shoxrud koʻchasida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan K.B. lar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh boʻlib sodir qilganliklari aniqlanib, gumon qilinuvchilardan 70 dona turli tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Hozirgi kunda ushbu uchala gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllangan holda, dastlabki tergov harakatlari olib borilib, ularning boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi oʻrganilmoqda.

Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar bergan.