Tadqiqot oʻtkazishda maʼlum bir bozordagi raqobat darajasini aniqlashda keng qoʻllaniladigan CR (Konsentratsiya nisbati) va HHI (Xerfindal-Xirshman indeksi) indekslaridan foydalanildi. Mazkur indekslar qiymatining nolga yaqin boʻlishi raqobat darajasining shuncha yuqoriligini bildiradi.
CR va HHI indekslarini hisoblashda 2018-2023-yillar oraligʻida respublika hududida faoliyat olib borgan barcha tijorat banklarining asosiy faoliyat koʻrsatkichlari, xususan, aktivlari, depozitlari va kreditlari miqdoridan foydalanildi.
Aktivlar. 2023-yilning 1-may holatiga koʻra, aktivlar boʻyicha hisoblangan HHI indeksi 927 ni tashkil qildi va 2018-yilning 1-yanvar holatidagiga (1520) nisbatan 593 birlikka kamaydi. Bu esa oʻz navbatida, respublikamizda bank tizimi oʻrtacha konsentratsiyalashgan darajadan raqobatbardosh bozor tamoyillariga oʻtganligi, banklar oʻrtasidagi raqobatning sezilarli darajada oshganligidan dalolat beradi.
Kreditlar. Iqtisodiyotimizda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit qoʻyilmalari hajmi soʻnggi 5 yil mobaynida qariyb 3,3 barobar yoki 127,2 trillion soʻm (YAIMga nisbatan 40,1 foiz) dan 413,4 trillion soʻm (46,5 foiz) gacha oshgan. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit quyilmalari hajmi 7,5 barobar oshgan.
Shu bilan birga, milliy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 2018-yilning mos davridagi 20 foizdan 2023-yilda 22,5 foizgacha koʻtarilgan. Bunda, kredit boʻyicha real foiz stavkasi sezilarli darajada, yaʼni 0,3 foiz (20,0-19,7 ) dan 11,5 foiz (22,5-11) gacha koʻtarilgan.
Depozitlar. HHI indeksi mos davrda 893,7 dan 703 birlikkacha pasaygan. CR indeksi tahliliga koʻra, 2018-yilning 1-may holatiga koʻra, eng yirik banklar beshtaligi bank tizimidagi jami depozitlarning 51,8 foiziga egalik qilgan boʻlsa, 2023-yilning 1-mayiga kelib, ularning ulushi 40,5 foizgacha qisqardi. Xususiy banklar tomonidan jalb qilingan depozitlar ulushi esa 32 foizdan 40 foizgacha koʻpaydi.