“Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 201-moddasi bilan temir yoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan davlat nazorati va boshqa choralar Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshirilishi belgilangan.
Bugungi kunda, inspeksiya tomonidan temir yoʻl tashishlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kamchilik va huquqbuzarliklar aniqlanganida faqatgina koʻrsatma berish huquqi mavjud. Natijada, masʼul shaxslarda oʻz majburiyatlarini bajarmaslik hech qanday javobgarlikka olib kelmasligiga ishonch hissining vujudga kelishiga va bu esa ularning oʻz vazifalarini bajarishda masʼuliyatsizlikka, loqaydlikka, tashishlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoida va talablarning qoʻpol ravishda buzilishlariga yoʻl qoʻyishlariga olib kelmoqda. Jumladan, 2020-yil davomida temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarida jami 89 ta tekshiruvlar amalga oshirildi. Bunda, temir yoʻl sohasida yuk va yoʻlovchi tashish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha temir yoʻldan foydalanish qoidalari va meʼyoriy huquqiy hujjatlar talablari buzilganligi yuzasidan 7878 ta kamchiliklar aniqlangan. Tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga taqiqlovchi choralarni belgilovchi koʻrsatmalar berilgan. Ammo qayd etilgan kamchiliklardan 1576 tasi yaʼni 20% i belgilagan muddatda bartaraf etilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, temir yoʻl tashishlarini amalga oshirish davrida temir yoʻl transporti harakat xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining buzilishi oqibatida temir yoʻl transportida yuzaga keluvchi avariya va halokatlarning, inson hayoti va sogʻligʻiga, moddiy boyliklariga zarar yetkazilishining oldini olish, temir yoʻl transporti sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning masʼuliyatini hamda temir yoʻl transportida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksini yangi 1131-va 2501-moddalar bilan toʻldirish taklif etilmoqda.
Loyiha qabul qilinishi natijasida quyidagilarga erishiladi:
1) milliy qonunchilikdagi boʻshliqlar bartaraf etiladi;
2) temir yoʻl transportida harakat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi masʼul shaxslar javobgarligini oshiradi, ularning oʻz vazifalarini bajarishdagi masʼuliyatsizlik va loqaydligini bartaraf etishga turtki boʻladi;
3) tashishlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoida va talablarning qoʻpol ravishda buzilishlarining oldi olinadi.
Mazkur qonun loyihasi ayni paytda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali “regulation.gov.uz”da jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.
Brifing davomida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ““Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori loyihasi haqida ham maʼlumot berildi.
Mazkur Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi qonunining 10, 201 va 21-moddalarini amalga oshirish maqsadida “Oʻztemiryoʻlnazorat” inspeksiya tomonidan ishlab chiqildi.
Bugungi kunda Respublikamizda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tasarrufiga kirmaydigan temir yoʻl transporti sohasida faoliyat yuritadigan jami 1278 ta korxona va tashkilotlar tasarrufida 2610 kilometr uzunlikdagi temir yoʻllar, 537ta lokomotiv va 5038ta vagonlar mavjud boʻlib, ushbu korxona va tashkilotlar ichki hududida foydalaniladigan lokomotivlar, motorvagonli harakatdagi tarkib va vagonlarni yagona davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobini yuritishning mexanizmi mavjud emas.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan hamda inspeksiyada mavjud maʼlumotlar tahliliga asosan Oʻzbekiston Respublikasiga boshqa mamlakatlardan har yili oʻrtacha 300 ta harakatdagi temir yoʻl tarkibi olib kelinmoqda. Harakatdagi temir yoʻl tarkibi va shoxobcha temir yoʻllarining egalari tomonidan yiliga 500 dan 700 tagacha temir yoʻl, vagon va lokomotivlar ijaraga beriladi. Respublikamiz hududida yiliga oʻrtacha 100 ta shoxobcha temir yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, yiliga 100 tadan 150 tagacha shoxobcha temir yoʻllarining mulkdorlari oʻzgaradi.
Ichki idoraviy texnologik tashishlarni amalga oshirishga moʻljallangan harakatdagi temir yoʻl tarkibi va idoraga mansub shoxobcha temir yoʻllarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobini yuritish temir yoʻl transportida harakat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan amalga oshiriladigan davlat nazorati bilan uzviy bogʻliq boʻlib, birinchi navbatda harakatdagi tarkib parki va shoxobcha temir yoʻllarining samarali va oqilona faoliyat yuritishining shaffofligi va texnik qobiliyatini belgilash uchun muhimdir. Buning uchun harakatdagi tarkib va shoxobcha temir yoʻllarini roʻyxatga olish va hisobini yuritish tizimi yagona, mustaqil hamda davlat nazorat organining vakolatiga taaluqli boʻlishi lozim.
Ichki idoraviy texnologik tashishlarni amalga oshirishga moʻljallangan harakatdagi temir yoʻl tarkibi va idoraga mansub shoxobcha temir yoʻllarni davlat roʻyxatiga olish va hisobini yuritish natijasida:
temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash darajasini oshirishga;
temir yoʻl transporti bilan bogʻliq avariya va halokatlarning oldini olishga;
odamlar hayoti va sogʻligʻiga, davlatning moddiy boyliklari va manfaatlariga tahdid qiluvchi omillarning oldini olish va oʻz vaqtida bartaraf etishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatning temir yoʻl transporti xavfsizligini nazorat qilish sohasidagi qabul qilingan qarorlari ijrosini taʼminlash hamda qonunchilikdagi ziddiyatlar va boʻshliqlarni bartaraf etishga erishiladi.