Mamlakatimizda bugungi kunda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 578 tani tashkil etadi. Ularning 675 tasi faoliyatsiz, tugatish jarayonida va boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktyabrdagi 674-son qarori bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida ushbu korxonalarning asosiy moliyaviy va iqtisodiy koʻrsatkichlari monitoringini olib borish maqsad qilingan. Unga koʻra, har bir korxona hisobotlarini Davaktiv agentligi saytiga joylashtirish orqali monitoringini olib borish belgilangan.

2020-yil yakuni boʻyicha moliyaviy hisobotlar tahlili natijasiga koʻra, hisobot topshirgan 1903 ta korxonaning eng yuqori sof foyda olgan 20 ta va eng koʻp zarar koʻrgan 10 ta korxona roʻyxati shakllantirildi.»Olmaliq kon-metallurgiya zavodi» AJ eng koʻp sof foyda olgan korxona, «Oʻztransgaz» AJ esa, zarar koʻrib ishlagan korxona deb topildi.

Shuningdek, Agentlik tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar moliyaviy hisobotlarini umumlashtirish maqsadida boshqa organlar bilan elektron maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar bilan Davaktiv agentligi rasmiy sayti orqali tanishishingiz mumkin.