So'nggi yillarda mamlakatimizda insonni e'zozlash, uning huquq va erkinliklarini amalda ta'minlashga qaratilgan izchil islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilmoqda. ezgulikka yo'g'rilgan bu sa'y-harakatlar mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimizning roziligini olishda kutilgan natijalar berayotir.
Bu borada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha Vakili (Ombudsman) fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash bo'yicha o'z faoliyatini amalga oshirib, mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga o'zining munosib hissasini qo'shib kelmoqda.
Xususan, 2020 yilda Ombudsman nomiga O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan jami 14 975 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 33,5 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 37,3 foizi ijtimoiy, 25,3 foizi iqtisodiy, 3,0 foizi siyosiy, 0,7 foizi esa ekologik huquqlarga tegishlidir.
SHuningdek, Ombudsman parlament nazorati sub'ekti sifatida 4 486 ta murojaatni ko'rib chiqishni o'z nazoratiga olib, davlat va jamoat tashkilotlariga ular bo'yicha 4 987 ta so'rov yuborgan. Murojaat qiluvchilar tomonidan bayon etilgan holatlarni, dalil-isbotlar va faktlarni har tomonlama o'rganish uchun 501 ta holatda Ombudsman murojaatlari ikki va undan ortiq tashkilotlarga yuborilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan yig'ilishda shu xususda so'z yuritildi. Unda deputatlar O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakilining 2020 yildagi faoliyati to'g'risidagi hisobotini eshitdi.
Ombudsman hisobotida keltirilganidek, murojaatlarni ko'rib chiqish natijasida tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar 1250 ta holatda asosli bo'lib chiqqan. Murojaat etuvchilarning dalil-isbotlari 625 ta holatda o'z tasdig'ini topmagan. 1848 ta holatda tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari qonun hujjatlariga muvofiq bo'lib chiqqan hamda murojaat etuvchilarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlari buzilmaganligi ma'lum bo'lgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) Feruza eshmatovaning aytishicha, Ombudsmanga kelib tushgan 7 946 ta murojaat taalluqliligiga ko'ra davlat organlari, tashkilotlar, muassasalar va mansabdor shaxslarga yuborilgan. Hisobot davrida Ombudsman tomonidan 2 543 ta murojaat yuzasidan amaldagi qonun hujjatlari normalariga oid tushuntirishlar va bu murojaatlarda ko'tarilgan muammolarni hal etishga doir tavsiyalar berilgan.
Davlat fuqarolarning xususiy mulkini himoya qilishi, munosib mehnat sharoitlariga doir huquqlarini ta'minlashi, xususiy tadbirkorlik va fermer xo'jaligi rivojini rag'batlantirishi hammamizga yaxshi ma'lum.
Hisobot davrida Ombudsman manziliga inson va fuqaroning iqtisodiy huquq va erkinliklarini ta'minlash bilan bog'liq 3 798 ta murojaat kelib tushgan. Masalan, 1292 ta murojaat fuqarolarning shaxsiy mulkka bo'lgan huquqlarini, 1046 tasi mehnat huquqlarini ta'minlash, 555 tasi tadbirkorlik faoliyati erkinligi va uni rag'batlantirish, 586 tasi fuqarolarning iqtisodiy huquq va erkinliklarini sudda himoya qilish, 146 tasi merosga bo'lgan huquq, 173 tasi esa boshqa masalalarga oid murojaatdir.
Parlament nazorati sub'ekti sifatida Ombudsman tomonidan fuqarolarning iqtisodiy huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog'liq 1 472 ta murojaat o'z ish yurituviga olinib, ko'rib chiqilgan. Birgina tadbirkorlarga 2 273 000 000 so'mlik kreditlarni rasmiylashtirish, sud qarorlarida belgilangan 626,2 mln. so'm zarar undirilishida va 135,0 mln. so'mlik ortiqcha to'langan soliq to'lovlarini qaytarib berilishida ko'maklashilgan.
Keyingi yillarda fuqarolarning xususiy mulkka bo'lgan huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Har qanday inson uchun eng muhim mulk, avvalo, bu uning uy-joyidir. SHu bois, mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilish bilan bog'liq normativ-huquqiy hujjatlar so'nggi yillarda jiddiy takomillashdi.










