Jumladan, “103” xizmati 2019-yilda 10 millionga yaqin chaqiriqni qabul qilgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 11 yarim millionga yaqinlashdi.

Shundan oʻtgan yilida eng koʻp chaqiriqlar Fargʻona, Andijon, Toshkent, Namangan viloyatlari va poytaxtimizda (1 milliondan ziyod) kelib tushgan boʻlib, eng kam murojaat Navoiy (355 mingdan ortiq) hamda Sirdaryo (384 mingdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan.

2020-yilgi murojaatlar soni oshganligini pandemiya sharoiti bilan bogʻlash mumkin. Chunki karantin davrida “COVID-19” ni yuqtirish xavfi tufayli uydan chiqishni afzal koʻrmaganlarning aksariyati “tez yordam”ga qoʻngʻiroq qilishdi.

Eslatib oʻtish lozimki, tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi dasturchilar markazining Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan hamkorlik loyihasi amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahrida “Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” xizmat mutaxassislari qoʻngʻiroqlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirish, maʼlumot almashish va tez tibbiy yordam brigadalarini boshqarish boʻyicha oʻqitildi.

Yangi tizimga koʻra, bir marotaba olingan maʼlumotlar tizimda elektron tarzda brigadaga toʻgʻridan toʻgʻri uzatiladi va bu bilan vaqtning bir necha marotaba kamayishi va tejalishiga olib keladi. Bu tizim oʻrnatilishidan avval esa chaqiriq xaqidagi barcha maʼlumotlar avval dispetcher tomonidan qogʻozga tushirib olinar edi.

Shundan soʻng, telefon orqali brigadalarni yoʻnaltiruvchi ikkinchi dispetcherga aytilib, u ham qogʻozga yuqoridagi maʼlumotlarni qayta tushirib, brigadaga shu ikkinchi marta toʻldirilgan qogʻoz bilan xabar uzatar edi.

Qolaversa, yangi tizim orqali chaqiriqdan boʻsh boʻlgan va chaqiriq manziliga eng yaqin boʻlgan tez tibbiy yordam brigadasiga xabar uzatish imkoni yaratilgan va ularning harakati onlayn kuzatib boriladi.

Bundan tashqari, yurtimiz boʻylab shoshilinch yordam koʻrsatish xizmatlari tizimida sall-markazlar tashkil etilib, u yerda shifokorlar ham faoliyat yuritishi va lozim boʻlganida bemorlarga “tez yordam” mashinasi yetib kelgunicha telefon orqali konsultatsiya qilib, uning yonidagi insonga birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar berib, bemorning hayotini qutqarib qolishga koʻmaklashishi aholi salomatligini muhofazalashda muhim omil boʻlmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.