Turkiy dunyo meʼmorlari va muhandislari ittifoqi tomonidan Anqaradagi Gazi universitetida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda 2021-2022-yillar “Mirzo Ulugʻbek yili” deb eʼlon qilindi.
Bunga davlat arbobi va buyuk mutafakkirning dunyo ilm-fani va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi sabab boʻldi.
Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek-turk munosabatlarini yana-da mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho berildi, oʻzaro aloqalar, ayniqsa, qurilish va meʼmorchilik sohasidagi munosabatlarning tobora kengayib borayotgani olqishlandi.
Turkiy dunyo meʼmorlari va muhandislari ittifoqi Oʻzbekistonda keng koʻlamli infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishida, meʼmorchilik va qurilish sohalarida zamonaviy taʼlim jarayonlarining yoʻlga qoʻyilishida yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir qatnashchilari shaharsozlik, meʼmorchilik va qurilish muhandisligi sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan oʻzaro fikr almashish uchun 2022-yili Samarqandda Turkiy dunyo meʼmorlari va muhandislari ittifoqi boshqaruvining aʼzolari ishtirokida forum oʻtkazish masalasini muhokama etishga kelishdi.