Maʼlum qilinishicha, mamlakatimiz va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasini amalga oshirish uchun 200 million dollar (har bir bank tomonidan 100 million dollardan) kredit berish toʻgʻrisida qarz bitimlari imzolangan.

Ushbu loyiha doirasida yurtimizdagi 475 ta sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash, 17,5 ming nafardan ortiq xodimning malakasini oshirish, respublikada tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasini yana-da mustahkamlash uchun 1000 ta tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish, xalqaro standartlarga javob beruvchi Milliy referens laboratoriyalarni yaratish va joylarda mavjud laboratoriyalarning darajasini koʻtarish, COVID-19 infeksiyasini aniqlash uchun test hajmini amaldagi koʻrsatkichga nisbatan koʻpaytirish va boshqa bir qator muhim ishlarni hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad sogʻliqni saqlash tizimining favqulodda vaziyatlarga bardoshliligini oshirib, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni jadallashtirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini modernizatsiya qilish va soha muassasalari salohiyatini yana-da mustahkamlashdan iborat.

Qarorga asosan loyiha doirasida jalb etilayotgan qarz mablagʻlarining sarflanish yoʻnalishlari taqsimoti ham tasdiqlanib, jumladan, viloyatimizda sogʻliqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashga 7 million 756,5 ming dollar, uskunalar, jihozlar va tez yordam avtotransport vositalari xarid qilishga 2 million 694,6 ming dollar, sohada axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etishga 1,5 million dollar, jami 11 million 951,1 ming dollar ajratilishi belgilandi.

Ushbu pullarning tashkilotlar kesimida taqsimlanishi haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, eng koʻp mablagʻ (5,3 million dollar) viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tizimidagi qurilish va taʼmirlash-tiklash ishlariga (935,5 million dollar), uskuna, jihozlar va avtotransport vositalari sotib olishga (2 million 867,3 ming dollar) hamda axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etishga (1,5 milion dollar) yoʻnaltiriladi. Ayni paytda shahar va tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimlariga OTB va OIIB kreditlari hisobidan 1 million 863,2 ming dollar ajratiladi.

Oʻz navbatida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga 3 million 675 ming, respublika oʻlat profilaktika markazi filialiga 620 ming, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 250 ming, OITSga qarshi kurashish markaziga 160 ming, dezinfeksiya stansiyasiga 80 ming dollar taqsimlangan.

Temur NIZOMOV.