Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Yigʻilishda Kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, 2021-yil davomida eʼlon qilingan mamlakatimiz uchun ustuvor boʻlgan jami 19 ta xalqaro reytingda Oʻzbekistonning oʻrni aks etib, 11 tasida mamlakatimiz pozitsiyasi yaxshilandi.
Xususan, Suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, “Es end Pi” (“S&P”) xalqaro reyting agentligi mamlakatimiz kredit reytingini “salbiy”dan “barqaror”ga, “Mudis” (Moodyʼs) agentligi esa “barqaror”dan “ijobiy”ga oʻzgartirdi.
Global innovatsiyalar indeksida Oʻzbekiston 2021-yilda 7 pogʻonaga koʻtarilib, 132 ta davlat orasida 86-oʻrinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.
“Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021-yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz oʻz oʻrnini 6 pogʻona yaxshilab, 180 ta davlat ichida 140-oʻrinni egalladi va soʻnggi besh yilda 17 pogʻona yuqoriladi. Tashkilot hisobotida Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda oʻrnak boʻlayotganligi va soʻnggi 5 yilda eng barqaror oʻsish koʻrsatkichiga erishgan jahondagi 6 ta davlatdan biriga aylangani alohida taʼkidlangan.
Tadbirda ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalariga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimizning oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasining ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, oʻtgan yil davomida rejaga muvofiq 43 ta qonun, 3 ta yangi tahrirdagi Kodeks, Prezidentning 24 ta farmoni va qarori, Hukumatning 44 ta qarori loyihalari ishlab chiqilib, shundan 16 ta qonun, Prezidentning 16 ta farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining 27 ta qarori qabul qilindi.
Yigʻilishda reja ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan vazirlik va idoralarning faoliyati tanqid qilindi.
Tadbirda mutasaddi vazirlik va idoralarning axborotlari eshitilib, hududlarda xalqaro reytinglar bilan ishlash holati, mavjud muammo va kamchiliklar, foydalanilmagan imkoniyatlar hamda ayrim xalqaro reytinglarni, shu jumladan Buyuk Britaniyaning “Oxford Insights” konsalting kompaniyasi va Kanadaning Xalqaro tadqiqotlarni rivojlantirish instituti tomonidan yuritiladigan “Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorgarlik indeksi”ni Oʻzbekiston uchun ustuvor sifatida belgilash masalasi muhokama etildi.
Shuningdek, tadbirda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2022-yilga moʻljallangan tashkiliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, yil davomida 1 ta strategiya, 5 ta kodeks, 9 ta qonun, 2 ta konsepsiya va 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish koʻzda tutilyapti.
Xususan, davlat kompaniyalarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat kafolatini berishni bosqichma-bosqich kamaytirish, parlamentdagi “Hukumat soati” instituti va deputatlikka nomzod koʻrsatish tartibini takomillashtirish, monopol korxonalar tomonidan ishlab chiqilayotgan mahsulotlar tannarxi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilib borish tizimini joriy qilish kabi 300 dan ortiq vazifani bajarish rejalashtirilgan.
Yigʻilish yakunida Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.