2021 yilda 16,4 mln tonna sement ishlab chiqariladi

    Sanoat 8 Aprel 2021 1083

    “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi 2021 yilda amalga oshiriladigan ishlar, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining jahon talablariga javob berishi, yirik zavodlar faoliyati, eksport ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot berdi.

    Ta’kidlanishicha, Respublika bo‘yicha 2020 yilda jami sement ishlab chiqarish hajmi 12 537,4 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan 2019 yilga nisbatan 114,1 foizga o‘sish ta’minlandi. 2020 yilda yillik quvvati 1,8 mln. tonnaga teng 3 ta yangi sement ishlab chiqarish zavodlari Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida ishga tushirildi. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha sement ishlab chiqarish quvvatlari 20 mln.tonnani tashkil etadi.

    2020 yilda markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’yektlar qurilishiga o‘rtacha birja kotirovka narxlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha 438,5 ming tonna sement xarid qilingan.

    E’tiborlisi, o‘tgan yilda 2 mln 509,2 ming tonna sement import qilingan bo‘lib, 2019 yilga nisbatan 23,3 foizga yoki 762,9 ming tonnaga kamaygan.

    2020 yil davomida mahalliy sementning o‘rtacha narxi 619,9 ming so‘mni (QQS bilan) tashkil etgan.

    2020 yilda 530,3 ming tonna, ya’ni 2019 yilga (150,7 ming tonna) nisbatan 3,5 marta ko‘p sement eksport qilindi. Birja savdolari orqali 8 mln 833,5 ming tonna sement sotilishi ta’minlandi.

    Ma’lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyuldagi 450-son qarori bilan belgilangan sement importini soddalashtirish (sertifikatsiya muddatini 28 kundan 2 kungacha qisqartirish), birja savdolariga kunlik sement qo‘yilishini 42-45 ming tonnagacha oshirish va boshqa choralar bajarilishi natijasida narxlar barqarorligiga erishildi. Natijada 2020 yilning 31 dekabr holatiga ko‘ra, 1 tonna sementning o‘rtacha narxi 592,5 ming so‘mgacha (20 iyulga nisbatan -298,5 ming so‘mga) pasaydi.

    2021 yilda sement ishlab chiqarish prognozi 16,4 mln tonna kutilmoqda va yil davomida jami quvvatlari 8,6 mln tonnaga teng umumiy loyiha qiymati 738,4 mln dollar bo‘lgan 11 ta (Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida) yangi sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, yil oxirida sement ishlab chiqarish quvvatlari 25,3 mln.tonnaga yetkazilishi kutilmoqda. Jumladan, yanvar oyida eng yirik loyihalardan biri “Ohangaronsement” AJda amalga oshirildi. Bu yerda yiliga 2,4 mln.tonna sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega quvvat yaratildi.

    Joriy yilda "Farg‘ona Yasin qurilish mollari" MChJ tomonidan umumiy qiymati 120 mln dollar bo‘lgan yillik quvvati 1 mln 200 tonna sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, "Rash milk" MChJ, "Namangan sement" MChJ, "Marokand sement invest" MChJ, "Ishonchli posbon tekstil" MChJ, "Shaffof Sement Sanoat" QK MChJ, "Pop sement" MChJ, "Jahon Yevro Servis" MChJ kabi sement zavodlari o‘z faoliyatini boshlaydi. 2021 yilda ko‘mirda sement ishlab chiqarish hajmi 1,5 mln tonnadan 2,5 mln tonnaga yetkaziladi.

    2021-2023 yillarda sement ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning manzilli ro‘yxatiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida 3 ta, Surxondaryoda 3 ta va Namangan viloyatida esa 4 ta yangi sement zavodlari barpo etish rejalashtirilgan.

    Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016 yil yakuni bilan Respublikamizda 8,6 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich 12,5 mln tonnaga yetkazildi. Yillik ishlab chiqarish quvvatlari esa 20 mln tonnani tashkil etdi. Shu jumladan mamlakatimizda yuqori markali sement ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratildi.