2021-yilda 4 mln 570 ming tonna koʻmir qazib olinadi

    Sanoat 16 Iyun 2021 888

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzbekkoʻmir” AJ axborot xizmati rahbari Neʼmat Dushayev maʼlum qildi:

    «2021-yilda aksiyadorlik jamiyatida 4 mln 570 ming tonna koʻmir qazib olish rejalashtirilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 67 ming tonnaga koʻp boʻlib, ayni paytda oylik, choraklik rejalar bajarilishi taʼminlanmoqda. Xususan, may oyida mavjud konlardan 383 ming 465 tonna koʻmir qazib olindi. Bu rejadagidan 3 ming 465 tonnaga koʻp.

    May oyida issiqlik elektr stansiyalariga — 293 ming 856,8 tonna, byudjet tashkilotlariga — 111 ming 740 tonna koʻmir yuklandi.

    Korxonada bu yil asosiy eʼtibor koʻmir ustki qatlamini ochish ishlariga qaratilmoqda. May oyida kon ustki qatlamini ochish ishlari 2 million 919 ming kub metrga teng boʻldi va bu boradagi reja ham 101,8 foizni tashkil etdi».