Maʼlumki, baliqchilik qishloq xoʻjaligining eng serdaromad sohalaridan biridir. Baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish bilan bir qatorda, aholi bandligini taʼminlash va qoʻshimcha daromadlarini oshirish maqsadida hududlarda bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish hamda kooperatsiya usulida “xonadon – kooperatsiya‑klaster” zanjiri yaratilib, baliq yetishtiruvchi xonadonlar soni 800 taga yetkazildi. Boʻstonliq, Shahrisabz, Qarshi, Kitob va Sariosiyo tumanlarida 134 ta xonadonda forel baliqlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. 800 ta ishsiz aholining bandligi taʼminlanib, yetishtirilgan baliqlar hajmi ming tonnaga yetkazildi.
Jizzax viloyatida “Gold fish agro export” MCHJ baliqchilik klasteri tomonidan eksperiment tariqasida Sh. Rashidov, Zarbdor va Zomin tumanlarida “xonadon-klaster” kooperatsiya usulida baliq yetishtirish tashkil etilib, aholi bandiligini taʼminlash borasida ishlar boshlab yuborildi.
Shuningdek, respublikada baliq yetishtirish hosildorligi past boʻlgan sunʼiy suv havzalariga aerator moslamalarini oʻrnatish hisobiga baliq yetishtirish hosildorligi gektaridan 5 baravarga oshirildi.
Baliqchilik tarmogʻining yana bir muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlgan baliqchilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha joriy yilda 9 ta klasterlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularning soni 35 taga yetkazildi va ular tomonidan hozirga qadar 29 ming tonna tovar baliq va 14 ming tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarildi.