2021-yilda banklar orqali 29,8 mlrd dollar naqd pul aylangan

    Moliya 13 Sentabr 2021 887

    2021-yil yanvar-avgust oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 317,4 trln. soʻmni (29,8 mlrd dollar) tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 48,8 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.

    Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 157,6 trln. soʻmni, bank kassalari va bankomatlardan chiqim qilingan naqd pullar 159,8 trln. soʻmni tashkil etdi.

    2021-yil yanvar-avgust oylarida bank kartalariga 178,1 trln. soʻmlik mablagʻlar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 58,8 trln. soʻmlik (33 foiz) mablagʻlar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

    Joriy yilning yanvar-avgust oylarida bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2020-yilning mos davriga nisbatan 50,8 trln. soʻmga oshishi kuzatilgan boʻlsa, ushbu oʻsishning asosiy qismi bank kartalaridan naqd pul yechish hajmi 21,4 trln. soʻmga hamda banklar tomonidan aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun 16,6 trln. soʻm oshishi hisobiga yuzaga keldi.

    Iqtisodiyotning naqd pulga boʻlgan talabini qondirish maqsadida muomalaga qoʻshimcha pullar chiqarib borish hajmi muomaladan ortiqcha pullarning qaytish hajmiga nisbatan kam boʻldi.

    Natijada 2021-yil 1-sentyabr holatiga muomaladagi naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 23 foizni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5 foiz bandga pasaydi.