“Bu yilgi mavsumda majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan 5 nafar mansabdor javobgarlikka tortildi” — Vazirlik

    Ijtimoiy hayot 30 Oktabr 2021 2000

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2021-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga qonuniy chora koʻrilgani haqida maʼlumot berdi.

    Vazirlik xabariga koʻra, Davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruhlari tomonidan respublika barcha tumanlaridagi 13 mingga yaqin tashkilot, fermer xoʻjaliklari hamda paxta dalalari oʻrganildi.

    Shu bilan birga, Davlat mehnat inspeksiyasiga paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 128 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan, call markaz orqali - 54 ta, web sayt orqali - 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali - 24 ta hamda 35 ta yozma murojaatlar kelib tushgan.

    Oʻtkazilgan monitoringlar va murojaatlarni oʻrganish natijasida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198 mln. 450 ming soʻm miqdorda maʼmuriy jarima tayinlandi.

    Joriy yilgi paxta-yigʻim terimi davrida majburiy mehnatga yoʻl qoʻyganligi uchun 5 nafar mansabdor shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.

    Bundan tashqari, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 14 ta holatda terim pullarining oʻz vaqtida toʻlamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 48 ta holat yuzasidan yozma koʻrsatmalar kiritildi.

    "Davlat mehnat inspeksiyasi respublikamizda majburiy mehnatga qarshi keskin kurash ketayotganligini taʼkidlab, majburiy mehnat holatlariga guvoh boʻlgan fuqarolarimizdan Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, 71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qilishlarini soʻraydi.

    Aziz fuqarolar oʻzingizning buzilgan mehnat huquqlaringizni tiklang hamda majburiy mehnatning qurboni boʻlib qolishdan ogoh boʻling!

    Eslatib oʻtamiz, shaxsingizning oshkor etilmasligi kafolatlanadi," deyiladi xabarda.