Qayd etilishicha, agentlik tomonidan oʻtgan 9 oy davomida barcha sport turlari boʻyicha oʻzbekistonlik sportchilardan 312 ta doping-sinamalar olindi va 4 ta sportchi taqiqlangan modda isteʼmol qilganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, 3ta xalqaro musobaqalarda ham doping-sinamalarni olish Agentlikka ishonib topshirildi. Bunda 41 ta sportchilarda tekshiruvdan oʻtkazilib, ularning  3 nafari taqiqlangan modda isteʼmol qilganligi maʼlum boʻldi.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari davomida barcha sportchilar qatori oʻzbekistonlik sportchilardan ham doping-sinamalar olindi.
Oʻzbekistonlik olimpiya spotchilaridan jami 16 ta doping-sinama olinib, ulardan 11 tasi musobaqadan oldin va 5 tasi musobaqa davriga, yaʼni bevosita musobaqalar finalidan keyinga toʻgʻri keldi.

Paralimpiya sportchilarimizdan esa jami 39 ta doping-sinama olindi, ulardan 21 tasi musobaqadan oldin va 18 tasi musobaqa davriga, yaʼni musobaqalar finalidan keyinga toʻgʻri keldi. Musobaqadan oldin olingan tezkor doping-sinamalarning barchasida taqiqlangan moddalar aniqlanmaganligi bois sportchilarimiz bahslarda ishtirok etishdi.

Musobaqa sovrinli oʻrinlarga sazovor boʻlgan jahon hamda olimpiya va paralimpiya rekordlarini oʻrnatgan sportchilarimiz doping-tekshiruvidan oʻtishdi. Odatda ular tezkor tahlil qilinmasligi bois natijalar belgilangan muddatlarda eʼlon qilinadi.