Farmon bilan, 2021-yil 1-maydan boshlab pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat taʼlim tashkilotlariga xalq taʼlimi sohasida faoliyat koʻrsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi berildi.

OTMlar va NTTlarning pedagog kadrlar malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ushbu maqsadlar uchun Xalq taʼlimi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplanadi.

Farmonga muvofiq, 2021/2022 oʻquv yilidan:

amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish maqsadida professional taʼlim muassasalarida dual taʼlim tizimi joriy etiladi;

dual taʼlim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan oʻquvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ish haqi toʻlanadi;

professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash tartibi bosqichma-bosqich joriy qilinadi va ishchi kasblar boʻyicha ”WorldSkills Uzbekistan” musobaqalari oʻtkaziladi;

professional taʼlim muassasalariga xorijiy mamlakatlardagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashni tashkil etish vakolati beriladi.