Videomuloqot Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddi rahbarlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi hamda Respublika nogironlar assotsiatsiyasi vakillari ishtirokida boʻlib oʻtdi

Videomuloqotda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov ushbu qatlam vakillarining bandligi, ularga yaratilgan shart-sharoitlar va umuman, mavjud holat haqida axborot berdi.

Xususan, axborotda:

nogironligi boʻlgan 630 mingdan ziyod shaxslarning 162,2 ming nafari mehnat faoliyatining muayyan turlarini bajarish uchun layoqatli ekani,

bu koʻrsatkich jami nogironlarning 25 foizini tashkil etishi,

ulardan 7,2 ming nafari 1-guruh,

107,9 ming nafari 2-guruh,

49,4 ming nafari 3-guruh nogironligi boʻlgan shaxslar ekani,

ayni kunda ulardan 21,1 ming nafarining (13 foiz) ish bilan band ekani aytib oʻtildi.

Mehnat faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin boʻlgan nogiron shaxslarning 9,2 ming nafari oliy va 25,2 ming nafari oʻrta maxsus maʼlumotga ega, qolganlari maʼlumotga ega boʻlmaganlar yoki oʻrta maʼlumotli.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga oʻtkazilgan 30 ta kasb-hunarga oʻqitish muassasalarini imkoniyati cheklangan fuqarolarning ham kasb-hunar oʻrganishlarini nazarda tutgan holda taʼmirlash va qayta jihozlanadi.

2021-2025-yillarda ushbu oʻquv markazlarida 1000 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarni kasbga oʻqitish, ular malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, videomuloqotda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori A.Inakov “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun Oliy Majlisning yalpi yigʻilishida muhokama qilinganini va ushbu hujjat ikkinchi oʻqishdan muvaffaqiyatli oʻtganini maʼlum qildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi O.Isakov ham Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlash maqsadida alohida roʻyxatga olib, ularni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish kerakligini, shuningdek, ishga joylashtirilgan nogironligi bor shaxslarning mehnat huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida kuzatuv monitoringini olib borish zarurligini taklif sifatida kiritdi.

Yigʻilishda ishtirok etgan nogironlar jamiyatlari aʼzolari taklifiga koʻra, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarini oʻz ichiga olgan Jamoatchilik kengashini tuzish hamda uning asosiy vazifasi etib nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va monitoring qilish belgilandi.