Qayd etish joizki, joriy yilda Prezident farmoni bilan umumtaʼlim maktablarining 3-, 6-, 7- va 10-sinflari uchun toʻliq, shuningdek 2- va 3-sinf uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari (2021-yilda 25 million darslik) chop etilmoqda.

Joriy yilda yangi darsliklarning chop etilish harajatlarining, xususan, dunyo bozorida qogʻoz narxi (faqatgina 2022-yilning oʻzida qogʻoz narxi 60-70 foizga oshgan) va qogʻozni mamlakatimizga yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlarining keskin oshib ketishi, tabiiyki darsliklarni chop etish uchun xarajatlarning ham oshib ketishiga olib keldi.

Ijara toʻlovi miqdorlari darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, bir dona darslik uchun yagona summasini toʻplamdagi darslik va mashq daftarlari soniga koʻpaytirish yoʻli orqali belgilanadi. Bunda yagona summa barcha sinf va taʼlim tillar uchun bir xil etib belgilanadi.

Joriy oʻquv yilida oʻrtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara toʻlovi 5 ming 707 soʻmni tashkil etmoqda va oʻtgan oʻquv yilidagi miqdor (2 740 soʻm)ga nisbatan 2 ming 967 soʻmga (108%) oshgan. Ijara toʻlovi summasini ota-onalar darslik toʻplamini toʻliq olgach 1-oktyabrga qadar amalga oshirishlari mumkin.

Birinchi sinf oʻquvchilari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlari, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari oʻquvchilari darslik ijara toʻlovidan ozod etiladi.

Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining Vasiylik kengashi darsliklar va mashq daftarlarining ijara toʻlovi miqdorlarini belgiladi. Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati maʼlum qilmoqda.