— Buyrak transplantasiyasi — murakkab amaliyot, — deydi markaz direktori Saidmurod Ismailov. — Shu sababli ham og‘ir xastalikdan aziyat chekkan ko‘plab yurtdoshlarimiz yaqin-yaqingacha bunday noyob operasiya uchun ilg‘or xorijiy mamlakatlarga davo istab borishga majbur edi. Bugun esa vaziyat butkul boshqacha.
Keyingi yillarda yurtimiz tibbiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida deyarli barcha murakkab jarrohlik amaliyotlari, xususan, yaqin qarindoshlar orasida buyrak ko‘chirib o‘tkazish O‘zbekistonning o‘zida, mahalliy shifokorlarimiz tomonidan sifatli amalga oshirilyapti.
Jumladan, markazning o‘zida:
2017 yil — 12 ta;
2018 yil — 96 ta;
2019 yil — 86 ta;
2020 yil — 104 ta;
2021 yil — 227 ta buyrak transplantasiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Ushbu innovasion muolaja turlariga bo‘lgan yuqori ehtiyoj tufayli muassasa ma’muriyati joriy yildan boshlab ularni ikki smenada bajara boshladi. Ya’ni bugungi kunda muassasa mutaxassislari tomonidan haftada 7-8 ta ana shunday operasiya o‘tkazilmoqda.
Natijada 2022 yil markazning o‘zida amalga oshirilgan buyrak transplantasiyalari soni 270 tani tashkil etdi.